Shavkat Mirziyoyev Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yangi direktor tayinladi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Prezident qarori bilan Sohibjon Murodov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Bunga qadar u Davaktiv agentligi tizimidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” (E-Auksion) savdo platformasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Akmalxon Ortiqov. Foto: Senat.
Yanvar oyi oxirida Davaktivning avvalgi rahbari Akmalxon Ortiqov keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida aniqlangan korrupsiya va o‘g‘irliklar tufayli ishdan bo‘shatilgandi.
Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 mlrd so‘mga sotib yuborgan.
“Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta‘minlasin”, — dedi davlat rahbari.
Kun.uz nashri xabariga ko‘ra, Akmalxon Ortiqov qamoqqa olingan. Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etilgani haqida yozgandi.

