Buxoroda fuqaroga $600 ming evaziga davlat zaxirasidagi yerni olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi tadbirkor Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi qimmatbaho metallarga ega bo‘lgan davlat zaxirasidagi 290 gektar yerni fuqaroga olib berishni vaʼda qilgan.
U mazkur ishni o‘zining mansabdor tanishlari yordamida auksion savdolari orqali qilmoqchi bo‘lgan.
Tadbirkor Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan $600 ming talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs oldindan $230 ming va 840 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan Jinoyat rodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora olish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yanvar oyida Buxoroda 18,1 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi fosh etilgandi. Litsenziyasiz kripto savdosi bilan shug‘ullangan shaxs 1,37 mln USDT miqdoridagi noqonuniy kripto aylanmani amalga oshirgan.
Avvalroq Navoiyda noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullangan guruh aniqlangandi.
