Avvalroq prezident imzolagan qonun bilan boshqa ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, hujjat bilan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 113−1-modda bilan to‘ldirildi.

Endi tashishlar xavfsizligini ta‘minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.

Amaldagi qonunchilikda shaharlararo va xalqaro yo‘lovchi tashishni amalga oshirayotgan avtobuslarda taxograf (nazorat qurilmasi) o‘rnatilgan. Bu qurilma haydovchilarning ish vaqti, dam olish vaqti, tezlik va masofani yozib boradi.

Qurilmani o‘chirib avtomobil boshqarish uchun javobgarlik mavjud. Lekin ushbu qurilmadagi ma‘lumotlarga asosan haydovchining mehnat va dam olish rejimiga bo‘ysunmagani yuzasidan javobgarlik belgilanmagandi.

Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Endi bunday holat BHMning 7 baravari (2,884 mln) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Haydovchining ish vaqti davomiyligi 9 soatdan ortiq yoki yo‘nalish masofasi 400 km va undan ortiq masofaga yo‘lovchi va yuklarni tashishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini Transport nazorati inspeksiyasi nazorat qiladi.

Qonun bilan bir xil toifadagi huquqbuzarliklar uchun har xil miqdorda jarima qo‘llanilishining oldini olish, huquqbuzarlarning qonun oldida tengligini ta‘minlashga oid me‘yorlar belgilandi.

Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 145, 146−1, 176−4-moddalarida, ya‘ni yo‘lovchilarni chiptasiz tashiganlik, tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmaganlik uchun jarimaning aniq miqdori belgilandi.

Qonun 2026-yil 10-maydan kuchga kiradi.

Senat 2025-yilning 4-sentabr kuni transport sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagandi.

Avvalroq bir qator yo‘l harakati huquqbuzarliklari uchun maʼmuriy ogohlantirish joriy qilingandi.