Majburiy ijro byurosi Rolls-Royce Cullinan avtomobilini auksionga qo‘ydi.

Luks toifasidagi yo‘ltanlamas Toshkent shahar Soliq boshqarmasining 2025-yil iyun oyidagi ijro hujjati (№6221926) asosida sotuvga chiqarilgan. Hozirda avtomobil Chorsu bozori yaqinidagi Jar sport majmuasi yonidagi ko‘p qavatli avtoturargohda joylashgan.

2022-yilda ishlab chiqarilgan ko‘k rangli Rolls-Royce Cullinan to‘liq soz holatda bo‘lib, 4284 kilometr masofa bosgan. Mashinaga notariuslar tomonidan 49 ta, MIB tuman bo‘limi tomonidan 11 ta hamda MIB markaziy boshqarmasi tomonidan 2 ta taqiq qo‘yilgan.

Lotning boshlang‘ich narxi — 4,994 mlrd so‘m. Zakalat puli miqdori qariyb 250 mln so‘mni tashkil etadi.

Auksion joriy yilning 1-may kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu kuni soat 9:00 ga qadar qabul qilinadi. Auksion ishtirokchilariga avtomobilni oldindan ko‘rish tavsiya qilingan.

Avvalroq Spot jarimani avtomobilni boshqargan haydovchiga o‘tkazish xizmati ishga tushgani haqida yozgan edi.