Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgandi. Uchrashuvda Yangi Toshkentda $50 mln dan ortiq loyihalarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi haqida ma’lum qilindi.

Prezident Yangi Toshkentning bosh rejasi mukammal shahar barpo etish uchun ishlab chiqilganini, biroq u investorlar tashabbusiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, agar o‘ziga xos loyiha shahar manfaatlariga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

Bunday o‘zgarishlar uchun huquqiy imkoniyat mavjud. Biroq takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emasligi, ayrim qarorlar oylab cho‘zilayotgani qayd etildi. Shu sababli investorlar takliflarini tezkor va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish talab etildi.

Tadbirkorlarning “Sankt-Peterburg” mavzesiga qiziqishi uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorlangani bilan izohlandi. Yangi Toshkent direksiyasiga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish vazifasi yuklandi.

Shuningdek, Yangi Toshkentning o‘ziga xos qiyofasini belgilaydigan yirik tijorat obyektlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan faqat uchtasidagi loyihaning qiymati $100 mln dan oshadi.

Shu maqsadda yer maydonlarini ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida ajratish amaliyoti joriy etiladi.

Bunda investorning tashabbusi ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqa tadbirkorlar undan yaxshiroq shartlarni taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.


Avvalroq Spot Yangi Toshkentda yil oxirigacha 20 ming xonadon foydalanishga topshirish rejalashtirilgani haqida yozgandi.