O‘zbekistonda 16-oktabrdan boshlab ichki aviaqatnovlar uchun aviachiptalar narxi o‘rtacha 20% gacha pasaytiriladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida aviatsiya bozoridagi ichki aviaqatnovlar tariflari, narxlarning shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida aviaqatnovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashish xarajatlarini optimallashtirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Ushbu xarajatlarni maqbullashtirish orqali ichki yo‘nalishlarda aviachiptalar narxini pasaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur takliflar tegishli yuqori turuvchi organlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways bilan hamkorlikda ichki aviaqatnovlar tariflarini qayta ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, chiptalar narxining pasaytirilishi aholi uchun aviaqatnovlarni yanada qulay va hamyonbop qilish, ichki turizmni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasida harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bu o‘zgarishlar xizmat safarlari va shaxsiy tashriflarni rejalashtirishda qo‘shimcha qulaylik yaratib, iste’molchilar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Raqobat qo‘mitasi aholi manfaatlariga daxldor bozorlarni tahlil qilish va o‘rganish ishlarini izchil davom ettirib, aniqlangan muammolar yuzasidan amaliy choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratmoqda.