Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxt metropoliteni uchun 14 ta besh vagonli poyezd (jami 70 ta vagon) xarid qilish loyihasi konsepsiyasini ma’qulladi. Loyihani Toshkent metropoliteni tayyorladi.
Narx va yetkazib beruvchi hali tanlanmagan. Kompaniya va kredit shartlariga qarab, loyiha qiymati $168,6 mln dan $356,2 mln gacha bo‘ladi.
Metro vagonlarining bir qismi bir necha o‘n yillar davomida ishlatiladi va ularning xizmat muddati tugamoqda. Agar park yangilanmasa, liniyalarda poyezdlar soni kamayadi, ular orasidagi intervallar uzayadi va tashish sifati pasayadi. Shu bilan birga, yo‘lovchilar soni ortib bormoqda.
Yangi poyezdlar eskirgan tarkiblarni almashtirishi va parkni to‘ldirishi kerak. Bu orqali metro ko‘proq odam tashiydi, poyezdlar tez-tez qatnaydi.
Poyezdlarga qo‘yiladigan talablar
Yangi poyezdlar aynan beshta vagondan iborat bo‘lishi kerak. Amaldagi metro bekatlari platformalari taxminan 100 metr bo‘lgani uchun olti vagonli tarkib sig‘maydi. Stansiyalarni qayta qurish esa juda qimmatga tushadi.
Shuningdek, poyezdlar mavjud infratuzilmaga mos bo‘lishi, rels oralig‘i 1520 mm, kontakt relsidan quvvatlanishi 825 V, maksimal tezligi esa hozirgi tarkiblardagi kabi 90 km/soat bo‘lishi lozim.
Mavjud 81−717/714 (“Nomerli”) seriyali vagonlar bilan solishtirganda, yangi vagonlar quyidagilarni olishi kerak:
- kuchliroq asinxron dvigatellar va rekuperativ tormozlash tizimi, ya’ni to‘xtash paytida energiyani qaytarish;
- biroz tezroq tezlanish va tormozlanish;
- harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar vagonga oson kirishi uchun past pol;
- konditsionerlar, zamonaviy axborot va yoritish tizimlari;
- kengroq salon.
Germaniyaning Siemens kompaniyasi o‘z yechimlari metro texnik talablariga javob bermasligini ma’lum qildi va tijorat taklifini taqdim etmadi.
Kimlar va qanday shartlarda?
Rasmiy tijorat takliflarini faqat Xitoyning CRRC va Rossiyaning GTR kompaniyasi taqdim etdi. Qolgan beshta kompaniya bo‘yicha hisob-kitoblar o‘xshash bitimlar haqidagi ochiq ma’lumotlar asosida amalga oshirildi.
| Kompaniya (davlat) | Poyezdlar narxi | Loyiha qiymati | Kredit (stavka, muddat va qarz beruvchi) |
CRRC (Xitoy) | $118,3 mln | $168,64−169,67 mln | 3%, 20 yil, Xitoy Eksimbanki |
Hyundai Rotem (Janubiy Koreya) | $179,4 mln | $184,13−184,22 mln | 0,05%, 20 yil, Koreya Eksimbanki |
Alstom (Fransiya) | $125,6 mln | $217,28−219,56 mln | 5,65%, 20 yil, YTTB |
CAF (Ispaniya) | $134,7 mln | $229,95−232,37 mln | 5,6%, 20 yil, YTTB |
GTR (Rossiya) | $158,7 mln | $247,95−251,93 mln | 9%, 12 yil, “Xalqaro rivojlanish loyihalari” |
Škoda Transportation (Chexiya) | $164,2 mln | $279,99−282,29 mln | 4,1%, 15 yil, Chexiya eksport banki va sug‘urta |
Kawasaki Rail Car (Yaponiya) | $279,1 mln | $356,21−357,37 mln | 2%, 20 yil, Osiyo taraqqiyot banki |
Rossiyalik bo‘lmagan yetkazib beruvchi tanlansa, mavjud infratuzilma sovet va rus vagonlariga mo‘ljallangani sababli yangi depo va texnik xizmat ko‘rsatish punktlarini qurish kerak bo‘ladi. Bu loyiha qiymatiga qo‘shimcha $10,1 mln xarajat qo‘shadi. Ushbu summa yakuniy hisob-kitoblarda allaqachon inobatga olingan.
Konsepsiyada poyezdlar narxi bilan birga kredit qiymati va qo‘shimcha xarajatlarni ham hisobga olish zarurligi ta’kidlangan. Unda Xitoyning CRRC, Rossiyaning “Global transport yechimlari” va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyalari takliflari eng maqbul deb ko‘rsatilgan.
2026-yilda yetkazib beruvchini tanlash, moliyalashtirishni jalb qilish va kredit shartnomasini imzolash rejalashtirilgan. Poyezdlar 2027-yilda uchta partiyada, taxminan 10 oy ichida yetkazib beriladi. Ularni qabul qilish va liniyalarda foydalanishga topshirish 2027-yil noyabrigacha yakunlanishi kerak.
Toshkent metropoliteni davlat subsidiyalari hisobidan faoliyat yurituvchi notijorat tashkilot bo‘lib, variantlarning hech biri moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Kreditlarni davlat budjeti hisobidan qaytarish rejalashtirilgan.
Kutilayotgan natijalar
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi poyezdlar 2028-yilda 18,7 mln, 2030-yilda 22,6 mln va 2035-yilda 27,4 mln yo‘lovchini tashiydi. Loyiha doirasida 61 ta ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, ayrim yo‘lovchilar shaxsiy va boshqa transport vositalaridan metroga o‘tishi kutilmoqda. Bu yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirib, zararli moddalar chiqindilarini yiliga o‘rtacha 4 ming tonnaga qisqartirishi mumkin.
Barcha ko‘rsatkichlar dastlabki bo‘lib, tender yakunlari hamda yetkazib beruvchilar va banklar bilan muzokaralardan so‘ng aniqlashtiriladi. Qaror ijrosini nazorat qilish Kengashning xorijiy investitsiyalar va turizm bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Suhrob Sayfnazarovga yuklangan.
Avvalroq Spot Toshkent metrosida bir kunda 1,2 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgani haqida yozgandi.