OpenAI va Apple’ning sobiq bosh dizayneri Joni Ayv hamkorlikda ishlab chiqayotgan ilk “aqlli” qurilma xaridorlarga 2027-yil fevral oyi oxiridan oldin yetib bormaydi. Bu haqda Wired nashri tovar belgisi buzilishi bo‘yicha sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Kompaniya bu qanday mahsulot bo‘lishi haqida hech narsa aytmagan. The Information va Financial Times manbalarining ma’lum qilishicha, bu kolonka bo‘lishi mumkin.

X tarmog‘idagi Smart Pikachu taxallusli insayderning ta’kidlashicha esa, go‘yoki quloqchinlar haqida gap ketayotgan ekan.

Qurilmani ishlab chiqish qaysi bosqichda ekanligi noma’lum. Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, OpenAI hali qadoqlash va targ‘ibot materiallarini ishlab chiqmagan.

Io — Joni Ayv tomonidan asos solingan startap nomi bo‘lib, OpenAI uni 2025-yilda $6,5 mlrdga sotib olgan. Bu kompaniya bilan sud jarayonini Google X laboratoriyasi sobiq xodimlarining iyO nomli startapi olib bormoqda. IyO ham sun’iy intellekt qurilmalari, jumladan quloqchinlar ustida ish olib bormoqda.

IyOning tovar belgisiga bo‘lgan huquqlar buzilganligi to‘g‘risidagi da’vosi 2026-yilning bahorida ko‘rib chiqiladi. Hozircha sud Ayv va OpenAI’ga nomlarda Io‘dan foydalanishni vaqtincha taqiqladi: iyO va Io bir-biriga mos keladi, kompaniyalar esa bir bozorda faoliyat yuritadi.

Wired tomonidan o‘rganilgan sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, OpenAI “yondashuvni qayta ko‘rib chiqqan” va “sun'iy intellekt mahsulotlarining nomi, reklamasi, marketingi va savdosida” Io dan foydalanmaydi.

Ammo iyO da’voni qaytarib oladimi yoki yo‘qmi, aniq emas. Startapning ta’kidlashicha, u kelishuv e’lon qilinishidan oldin Io va OpenAI rahbariyati bilan uchrashgan va o‘z audio texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatini bergan.


Avvalroq Spot OpenAI ijtimoiy tarmoq yaratishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Unda sun’iy intellekt yordamida kontent, jumladan matnlar va tasvirlar yaratish imkoniyati joriy etilishi mumkin.