Farg‘onada xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pulni o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan, jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijraga olib, go‘yoki Call-markaz usulida faoliyat yuritgan.
Ular Rossiyada dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni qo‘lga kiritgan.
Operatorlar esa SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirgan. So‘ng kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va BFQlar sotilganligini aytgan.
Ular mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha kompensatsiya to‘lab berilishini bildirgan. Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha soliq to‘lashlari kerakligiga ishontirilgan.
Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh aʼzolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9,5 mln rubl o‘tkazib bergan.
Shuningdek, jinoiy guruhning 3 nafar aʼzosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, jami $470 mingga yaqin kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan uyushgan jinoiy guruh aʼzolari tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik), 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 278−7 (Telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) va 278−8-moddalari (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan aybli deb topildi.
Ularning 21 nafariga 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan maxrum etish jazolari tayinlandi. Qolgan 13 nafariga nisbatan 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanib, jarimalar qo‘llanildi.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar esa undiriladigan bo‘ldi.
Avvalroq O‘zbekiston davlat idoralariga qilingan kiberhujum natijasida 15 mln fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari tarqalmagani haqida xabar berilgandi.
