Toshkent viloyatining Piskent tumanida “Yangi Piskent” loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, loyiha 11 gektar hududda amalga oshiriladi. 19 ta 9 qavatdan iborat ko‘p qavatli uy, 87 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, favvoralar, sun‘iy ko‘l va sayilgoh, 800 o‘rinli amfiteatr qurilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, bolalar maydonchasi va zamonaviy dam olish maskanlari barpo etiladi, mavjudlari rekonstruksiya qilinadi.
Hokimlik loyiha natijasida 4743 nafar uy-joyga ehtiyojmand aholi uchun imkoniyatlar yaratilishini, 2,5 mingdan ziyod aholi xonadon bilan ta‘minlanishini qayd etdi.
Mo‘minobod mahallasida joylashgan Yoshlar istirohat bog‘i qaytadan rekonstruksiya qilinib, attraksionlar, bolalar maydonchalari, yashil hudud va sayr yo‘laklari quriladi. Birlik mahallasining markaziy ko‘chasida 24/7 ko‘ngilochar va sayyohlik ko‘chasi tashkil etiladi.
Viloyat hokimi Zoir Mirzayev tanishgan taqdimotda markaziy shifoxona va mahallalarda ko‘p qavatli uylarning oqova suv tarmog‘ini yangilash, 2700 nafar aholini ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta‘minlash muhokama qilindi.
134,3 gektar tomorqa yer maydonlarini oqova suv bilan ta‘minlash, 12 km 10V-105 avtomobil yo‘lini mukammal ta‘mirlash, Murotali mahallasida 22,8 km ichimlik suvi tarmog‘ini tortish bo‘yicha ham so‘z bordi.
Yangi Piskent sanoat zonasi va Piskent Texnopark loyihasi ham taqdim qilindi.
Yakunda viloyat hokimi masʼullarga loyihalarni bosqichma-bosqich va aniq moliyaviy manbalar asosida amalga oshirish, qurilish ishlarida sifat va muddatga alohida e‘tibor qaratishni topshirdi.
Avvalroq Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan qurilishini bahorda boshlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
