Shavkat Mirziyoyev raisligida ayni vaqtda tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona bor. Joriy yilda 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detalni ishlab chiqarishni boshlash muhim ekani ta‘kidlandi. Ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 510 mingga yetkazish zarurligi aytildi.
Aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish chorasini ko‘rish topshirildi.
Dehqon va fermerlarda bog‘dorchilik traktori, ko‘chat ekadigan, hosil yig‘adigan, kartoshka kavlaydigan agrotexnikalarga talab ortib bormoqda. Chirchiqdagi klaster to‘liq quvvatda ishlab, agrotexnikalarni arzon narxda chiqarsa, lizing kompaniyalari bilan qulay moliyaviy instrumentlar qilib berilsa, dehqon va fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnikani sotib olishga tayyor.
Umuman, avtomobil sanoati mutasaddilariga har bir imkoniyatni mana shunday tahlil qilib, joriy yilgi ishlab chiqarish dasturini 10,5%lik o‘sishni ta‘minlashga moslab qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Tarmoq rahbarlari mavjud xomashyodan tayyor mahsulot yaratish haqida doim bosh qotirishi kerakligi qayd etildi.
Masalan, oltinni qayta ishlash uchun yaratilgan sharoitlar tufayli zargarlik sanoatida o‘tgan yilning o‘zida 3,3 karra o‘sish bo‘lib, 13 trln so‘mlik mahsulot chiqarildi. Bu yil ham 1,3 barobar o‘sish reja qilingan.
Elektrotexnika tarmog‘ida ham yiliga 160 ming tonna misni chuqur qayta ishlash quvvatlari bor. Lekin o‘tgan yili korxonalarga 92 ming tonna mis berilgan. Qazib olish hajmini, rudadan olinadigan mis ulushini ko‘paytirish zarurligi ta‘kidlandi.
Buning uchun 57 ta maxsus texnika olib kelib, ruda qazib olishni 46 mlndan 64 mln tonnaga oshirish, mahalliy korxonalar uchun birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqarish topshirildi.
Prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mahalliy va xorijiy elektromobillar sotib olish uchun imtiyozli avtokreditlar ajratilishi haqida aytilgan edi.
Avvalroq Vades Group yiliga $6 mlnlik SIM-karta va bank kartalari uchun chiplarni eksport qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
