Yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2% ga oshib, 28,6 ming donani tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.

Hududlar kesimida eng yuqori faollik Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi.

Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan yangi yengil avtomobillar sotuvi Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida kamaydi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida sotuvlar o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 11% dan ortiq o‘sib, 24 ming dondan ziyodni tashkil etdi.

Ayni paytda xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi qariyb 4,4 ming donani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 10% ga kamaydi.

Elektromobillar bozori

Yanvar oyida elektromobillar savdosi 9% ga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi.

Hududiy kesimda yanvar oyidagi sotuvlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilib, jami hajmning 62% dan ortig‘ini tashkil etdi.

Keyingi o‘rinlarda Samarqand (3,5 barobar), Namangan (2,4 barobar), Surxondaryo (5 barobar) hamda Xorazm (3 barobar) viloyatlari qayd etildi.

Shu bilan birga, elektromobillarning birlamchi bozori rekord darajada 45,3% ga o‘sib, 4,7 mingta elektromobilni tashkil etdi.