Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Enco Group korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Enco Group korxonasi Belarusning Energokomplekt kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb $60 mlnni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati $300 mlnni tashkil etishi kutilmoqda.

Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98%ga yakunlangan, $10 mlndan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan.

Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik eksport hajmi $140 mlnga yetishi taxmin qilinmoqda.

O‘tgan yili mamlakatga $400 mlnga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan keyin $150 mlnlik import o‘rnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy Osiyoda bunday yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Bu mamlakatda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.

Davlat rahbariga korxonaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.

Prezident sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yana-da kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

2025-yilning kuzida Saudiya Arabistoni Toshkentda yuqori voltli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.


Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida Yangi Piskent turar-joy majmuasi qurilishi haqida yozgandi.