O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovning tegishli buyrug‘i bilan Toshkent shahar soliq boshqarmasiga rahbar tayinlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Mirpulatov Jaxongir Muzapparovich boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. Bunga qadar u Soliq qo‘mitasi Yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Toshkent shahar soliq boshqarmasining asosiy vazifasi — soliq siyosatini amalga oshirish, soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblanishi hamda o‘z vaqtida budjetga tushishini nazorat qilishdan iborat.

Boshqarma soliq to‘lovchilarni to‘liq va ishonchli hisobga olish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘radi.

Jaxongir Mirpulatov 1985-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2003-yili Toshkent moliya va iqtisodiyot kollejini, 2011-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2003-yil Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasida boshlab, mas’ul va rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, Mirpulatov Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. U 2018-yilning sentabrida Sergeli tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident sohadagi korrupsiya va kamchiliklar uchun Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlashni topshirgandi. U bu lavozimda 2021-yilning noyabr oyidan buyon ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasining yangi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi.

Shu bilan birga, qo‘mita raisi va qo‘mitaga tayinlangan komplayens bo‘yicha yangi o‘rinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqib, ularning o‘rnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Spot suv uchun soliq va subsidiyalar yerning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanishi mumkinligi haqida yozgandi.