Soliq organlari xodimlari Malika bozorida tekshiruv o‘tkazib, 117 nafar shaxsning faoliyatini legallashtirdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi, shahar prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbarlari ishtirokida Malika savdo kompleksida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, savdo faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta‘minlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
Mutasaddilar savdo majmuasi hududini o‘rganib, tadbirkorlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazdi.




Ular tushumlarni to‘liq aks ettirish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish hamda EHFlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish bo‘yicha zarur tushuntirishlar berdi.
O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunga qadar majmua hududida 129 ta yuridik shaxs hamda 267 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati o‘rganildi.
Shuningdek, 117 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning faoliyati rasmiylashtirildi.
Yashirin iqtisodiyot
Yanvar oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda soliq idoralarining yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi ishi “mutlaqo qoniqarsiz” deya baholandi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ba‘zi boshliqlar daromadni oshirish o‘rniga “tadbirkorlar"ga “homiylik” qilgan.
Prezident Chorsu bozori va Malika savdo majmuasida to‘lov intizomini yo‘lga qo‘ymagan Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi faoliyatidagi kamchiliklarga alohida to‘xtalgandi.
Malika‘dagi 1,5 mingga yaqin tadbirkorning faqatgina har to‘rtinchisi rasman ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 25%i oyiga 1 mln so‘mdan kam soliq to‘laydi. Dekabr oyida bozordagi savdogarlar bank kartalari orqali 600 mlrd so‘mga yaqin aylanmani yashirishgan.
Davlat rahbari Soliq qo‘mitasi raisiga Shayxontohur soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni lavozimidan ozod etish, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha topshiriq berdi. Poytaxtning boshqa tumanlaridagi soliq inspeksiyalari boshliqlari vazifasini bajaruvchi maqomida ishlashda davom etadi.
Avvalroq soliq organlari fuqarolarning 29 ta xorijiy onlayn servisga to‘lovlari bo‘yicha banklardan ma’lumot so‘ragani haqida xabar berilgandi.




