Avvalroq prezident raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Yanvar oyida yillik inflyatsiya darajasi 7,2% ni tashkil etib, uning 45%i oziq-ovqat mahsulotlari, 13%i esa go‘sht hisobidan shakllangani qayd etildi.
Prezident go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajo‘xori ekish boshlanayotgani barcha uchun namuna ekani ta’kidlandi. 2026-yil qo‘shimcha 60 ming gektarda bu ishlarni tashkil qilish topshirildi. Natijada qo‘shimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi shakllantiriladi.
Mayda shoxli qoramol naslini yaxshilash uchun o‘tgan yil Mo‘g‘ulistondan 100 ming qo‘y va echki olib kelingandi. Yig‘ilishda joriy yilda ham mazkur ishlar davom ettirilishi belgilandi.
Shuningdek, o‘tgan yil 772 ming tonna kartoshka import qilindi. Joriy yilda mutasaddilar, hokimlar 4,5 mln tonna kartoshka hosili olishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
2026-yilda O‘zbekistonda jami $367 mlnlik 1 mingta chorvachilik loyihalari ishga tushirilishi belgilangan. 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki import qilinadi, fermerlarga yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat etiladi, nasldor hayvonlar uchun subsidiyalar 5 yilga uzaytiriladi.
Avvalroq Spot joriy yilning yanvar oyida eng ko‘p nimalar qimmatlashgani haqida yozgandi.
