Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumanidagi Vades Group kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha va Infinity Copper Group mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Vades Group korxonasida identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, fuqarolarning kundalik ehtiyojlari uchun qulay va xavfsiz to‘lov tizimlarini shakllantirishda zarur bo‘lgan vositalarni ishlab chiqaradi.
Germaniyaning Infineon technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida tashkil etilayotgan korxonaning umumiy qiymati $15 mlnga teng.
Ayni vaqtda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi 15% ga bajarilib, $7 mln investitsiya o‘zlashtirilgan. Hududi 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi, $6 mlnlik eksport amalga oshiriladi.



2025-yil davomida mamlakatga $35 mlnlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga $5 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx 3−5%ga pasayishi kutilyapti.
Zamonaviy korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinadi.
Davlat rahbari MDH davlatlari orasida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda bo‘lishi kutilayotgan ushbu korxonada yaratilayotgan shart-sharoitlar, texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Prezident yuqori qiymatli mahsulotlar bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish va eksportni yana-da kengaytirish masalalarida muhim topshiriq va tavsiyalar berdi.
Infinity Copper Group mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasi Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Tashrif davomida prezidentga loyihaning umumiy qiymati $36 mlnga teng ekani haqida maʼlumot berildi.
Bu yerda qurilish ishlari 90%ga yakunlangan, loyiha doirasida $14,9 mln investitsiya o‘zlashtirilgan.
O‘zbekistonga 2025-yilda $15 mlnlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, $10 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 200 mlrd so‘m budjet tushumlari taʼminlanadi hamda $350 mlnlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Afrika qitʼasi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.





Infinity Copper Group O‘zbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab, jami to‘rtta ishlab chiqarish korxonasini o‘z ichiga oladi.
Prezident mamlakatda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini taʼkidladi.
Bunday zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini ko‘paytirish orqali ichki bozor ehtiyojini to‘liq qondirish va eksport salohiyatini yana-da kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq Ohangaronda yiliga 25 ming tonna yuqori kuchlanishli kabel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.








