Avvalroq prezident raisligida 13-fevral kuni tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Taʼkidlanishicha, elektrotexnika korxonalari o‘tgan yili 27 mlrd so‘mlik imtiyozdan foydalanib, eksportni $83 mlnga, budjetga tushumni 46 mlrd so‘mga oshirgan. Ular o‘zimizda bo‘lmagan alyumin katankani import boji bo‘yicha imtiyoz muddatini uzaytirishni so‘ragan.
Zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli bo‘yoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan.
Mutasaddilarga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshdi. Yoki mebelchilar uchun yog‘och olib kelishga yengillik qilib berilgani hisobiga bu tarmoqda ham ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar ko‘paydi.
Mebelchilar polimer, eshik-romchilar alyumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qog‘oz va karton zaxirasini yaratish masalasini ko‘targan.
Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs bo‘lsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy o‘sishga katta turtki beradi.
Davlat rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qo‘ydi.
Yanvar oyida O‘zbekistonda 82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar importiga bojxona to‘lovlari bekor qilingandi.
Avvalroq investitsiya loyihalarini monitoring qiladigan Yagona milliy loyiha boshqaruvi platformasi yaratilishi haqida xabar berilgandi.
