Yangi Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move modellari sotuvi boshlandi. Bu haqda UzAuto Motors matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, avtomobillarni xarid qilish bo‘yicha shartnomani UzAuto Motors‘ning barcha rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtirish mumkin.

Qo‘shimcha ma‘lumotlarni +998 78 141 77 77 raqamli call-markazi yoki mazkur havola orqali olish mumkin.

2025-yilning oxirida UzAuto Motors yangi Chevrolet Damas modellarini taqdim etgandi. Unda narxlar quyidagicha bo‘lishi eʼlon qilingandi:

  • DAMAS MAX VAN 1.2 LV0 — 134 439 000 so‘m;
  • DAMAS MAX VAN 1.5 LV0 — 142 471 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.2 LV0 — 139 675 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.2 LV1 — 144 563 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.5 LV0 — 149 011 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.5 LV1 — 154 128 000 so‘m.

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev UzAuto Motors Xorazmdagi Damas ishlab chiqarish zavodida arzon minivenlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. 2026-yilda yirik uzelli yig‘ishni (SKD) boshlash, 2027-yildan esa ishlab chiqarishning to‘liq sikliga o‘tish rejalashtirilgan. Loyiha qiiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida Yevro-5 ekologik standartiga javob beruvchi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobil ishlab chiqariladi.

Undan keyin UzAuto Motors yangi model iste’molchining xohish-istaklarini hisobga olgan holda tanlanishini bildirdi. Avtomobillarning potensial modellari o‘rganilib, bunda texnik xususiyatlarining mahalliy ekspluatatsiya sharoitlariga mosligi, shuningdek, ishonchliligi va qulayligiga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi Damas va Labo ishlab chiqarishni to‘xtatishni ko‘rib chiqmayapti.


Spot, avvalroq, yanvarda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 9% ga oshgani haqida yozgandi.