O‘zbekistonda 200 ga yaqin import tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 14-fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hukumat komissiyasining meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportchilari bilan ochiq muloqotida ma‘lum qildi.

O‘zini tanishtirmagan surxondaryolik Brightly Mega Water ta‘sischilaridan biri kompaniya mevalarni qayta ishlash uskunalarini olib kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona Xitoydan zamonaviy qadoqlash qutilarini import qiladi va shu bilan birga 20% boj to‘laydi, Tetra Pak import qadog‘i esa undan ozod qilingan.

Uning ta‘kidlashicha, O‘zbekistonda bunday qutilar ishlab chiqarilmaydi, biroq ularning importiga baribir boj solinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning virtual qabulxonasi va Bojxona qo‘mitasiga qilgan murojaatlari rad etilgan.

“Hozirda 200 dan ortiq TIF TN kodlari (tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi — Spot). Bugun men bu haqda tadbirkorlarimizga ma‘lum qilishim mumkin”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Xodjayev Vazirlar Mahkamasi vakili Doniyor G‘aniyevdan qaysi tovarlarga boj nolga tushirilishi haqida so‘radi. Mutasaddi 203 turdagi mahsulot ko‘rib chiqilayotgani, 183 turdagi mahsulotga bojlar pasaytirilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Bojxona qo‘mitasiga tadbirkor bilan gaplashib, qadoqlash mahsulotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasa, ularni ro‘yxatga kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

Spot maʼlumotiga ko‘ra, hukumat prezidentning 2018-yil 29-iyundagi (PQ-3818) qarorini yangilash niyatida, chunki hujjat bilan belgilangan ko‘plab bojxona imtiyozlari muddati tugagan. Hujjat ishlab chiqilmoqda, mahsulotlar ro‘yxati esa hali tasdiqlanmagan.

13-fevral kuni prezident videoselektor yig‘ilishida sanoatda ishlatiladigan xomashyo importi uchun bojlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Jumladan, zargarlik sohasi uchun qimmatbaho toshlar, metallurgiya uchun issiqqa chidamli bo‘yoqlar hamda oziq-ovqat sanoati uchun sitrus konsentratlari masalasi tilga olindi.

Bundan tashqari, mutasaddilar kichik korxonalarning xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashi, uni qaysi davlatdan, qanday narxda olib kelish mumkinligini bilishi, transport xarajatlarini hisob-kitob qilishi kerak. Ushbu ma‘lumotlar asosida zaxiralar yaratish topshirildi.

Avvalroq prezident go‘sht importiga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilishni topshirgandi.