Wolt xizmati O‘zbekiston bozoridagi xizmatini yopishga qaror qilganini maʼlum qildi. Bu haqda xizmatning mobil ilovasida maʼlum qilingan.
Taʼkidlanishicha, 5-martdan boshlab ilova yoki veb-sayt orqali buyurtma berish imkoni bo‘lmaydi.
“Bu xabar siz uchun noqulay yoki yoqimsiz bo‘lishi mumkinligini tushunamiz. Kundalik hayotingizning bir qismi bo‘lish biz uchun qadrli edi va Wolt‘ni tanlaganingiz uchun sizga minnatdormiz”, — deyiladi xabarda.
Kuryerlarga 4-martga qadar buyurtmalarni yetkazib berishda davom etishlari mumkinligi bildirildi.
Ushbu murojaatda barcha mavjud variantlar har tomonlama ko‘rib chiqilgach, Wolt 4-mart, chorshanba kuni O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini yakunlash to‘g‘risida “murakkab qaror qabul qilgani"ni bildirgan.
“Ushbu qaror yengil qabul qilingan emas. Bizning ustuvor maqsadimiz doimo mijozlar va hamkorlar uchun sifatli xizmat ko‘rsatish, shuningdek siz va boshqa kuryerlar uchun raqobatbardosh imkoniyatlarni taqdim etish bo‘lib kelgan. O‘tgan ikki yil davomida biz birgalikda erishgan natijalarimizdan faxrlanamiz. Biroq bozor sharoitlari tahlili natijasida, O‘zbekiston bozoridagi faoliyatni yakunlash eng maqbul qaror degan xulosaga keldik”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, kompaniya bajarilgan barcha yetkazib berishlar uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilishini bildirgan.
2024-yilning sentabrida O‘zbekistonda Finlyandiyaning oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmati Wolt rasman ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.
Wolt — 2014 yilda yaratilgan Finlyandiyaning oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmati. Kompaniya 28 mamlakatda, jumladan Gruziya, Ozarbayjon va Qozog‘istonda mavjud.
Spot, avvalroq, Toshkentda noqonuniy umumiy ovqatlanish va savdo obyektlarini demontaj qilish davom etayotgani haqida yozgandi.