Turmush qurish yoshiga yetgan fuqarolar o‘rtasidagi nikoh tuzilishini rag‘batlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.

O‘zbekistonda nikohlarning 40%i 18−19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, takliflar ishlab chiqilgan.

Imzolangan hujjat bilan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlarining bu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, erta nikohning oldini olish hamda moliyaviy mustaqil yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish belgilandi.

Oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul o‘qitish bilan qamrab olish darajasini 2026-yilda 50% ga, 2027-yilda 60% ga va 2030-yilda 100% ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Erta turmush qurish holatlarining oldini olish maqsadida keng jamoatchilik tashabbusi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida tayyorlangan nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.

Nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish uchun 2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi. Jumladan, ular nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etiladi.

Agar ular Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bo‘lsa, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilikda belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirib beriladi.

Bundan tashqari, homilador va 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan xotin-qizlarning oliy ta’lim olishi uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari beriladi:

  • kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish;
  • fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha muddat berish.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy ichida homilador va farzand tarbiyalayotgan talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish yuzasidan takliflarni hukumatga kiritishi kerak.

Shu bilan birga, ularning ta’limni davom ettirishi uchun masofaviy ta’lim shaklida ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlari oshiriladi. Akademik ta’tilga chiqqan, kursdan kursga qolgan va talabalar safidan chiqarilgan homilador va farzand tarbiyalayotgan talabalarning alohida statistik ma’lumotlari yuritiladi.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab erta nikoh qurilishiga oid huquqbuzarliklarni aniqlash maqsadida bu haqida xabar berganlarga undirilgan jarima summasining 15% ini beriladi.

Avvalroq nikoh shartnomasini notarius orqali rasmiylashtirish tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Murojaatchilar shartnomani notarial idorada, onlayn yoki sayyor xizmat orqali rasmiylashtirishi mumkin.