Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasining asosiy parametrlari ko‘rib chiqildi.

Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metrlik yo‘lovchi terminali, uzunligi 4 kilometrdan bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagini barpo etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yiliga 20 mln nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, soatiga 30 ta qo‘nish va uchishni ta’minlaydigan infratuzilmani yaratish hamda 169 ta havo kemasi uchun avtoturargoh tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda bo‘lajak aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari va kelgusi bosqichlar to‘g‘risida axborot berildi.

Prezident mutasaddilarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta tayyorlash, qurilish ishlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Toshkentning yangi aeroporti

Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasining qurilishiga rasman start berdi va bo‘lajak havo bandargohiga tamal toshi qo‘ydi.

DXSh loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) tanlangan. Ularning xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15% va Uzbekistan Airports — 10%.

Foydalanishga topshirilgandan so‘ng, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi majmua Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon va Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari bilan bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattllar ishga tushiriladi.

Prezident havo bandargohi poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha vazifasini bajarishini qayd etdi. Aeroportga 25 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi. Loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga $770 mln daromad keltiradi.

Yangi aeroport uchun ajratilgan hudud xatlovdan o‘tkazilib, aholi ko‘chiriladi. Kadastr agentligi hududdagi mulk qiymati asossiz oshib ketmasligi uchun yangi loyihalar va qurilish ishlari cheklanishini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports 2026-yildan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirishni to‘xtatishi haqida yozgandi.