Avvalroq prezident raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Grand Pharm Trade ta‘sischisi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev videoselektor yig‘ilishida 2017-yilgacha farmatsevtika sohasi doimiy tekshiruvlar va nazorat organlarining kutilmagan tashriflaridan qo‘rqib ishlaganini ta‘kidladi. Tovarlar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgach, bojxona organlari QQS hisoblar, sohaning umumiy soliq yuki esa 50%dan oshardi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda sohadagi soliqlar ikki baravarga kamaygan, shu tufayli biznes yana-da ochiq va “mazza qilib” ishlay boshlagan.

Ilgari Grand Pharm Trade ofisi kichkina ofisda joylashgani sababli xorijiy hamkorlar o‘z farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berishdan qo‘rqqan. Bundan tashqari, xorijiy valyutani konvertatsiya qilish oylar, ba‘zan esa yillar talab qilardi. Bunday sharoitda biznes mablag‘larni chet elga chiqarish uchun birjaga chiqishga va “turli sxemalar"ga murojaat qilishga majbur bo‘lardi.

“Hozir esa qarang: hisobimizdagi pullar bir soatda, bir kunda o‘tyapti — hech qanday muammo yo‘q. Hammamiz maza qilib yuribmiz. Bu yerda o‘tirgan barcha tadbirkorlar, zavodlar aksiyadorlari — hammasining aylanmasi mlrd-mlrd. Hammani rasmiy millioner qilib qo‘ydingiz. Buning uchun sizga katta rahmat barchaning nomidan”, — deya ta‘kidladi Abbosxo‘jayev.

Grand Pharm Trade ta‘sischisi kirish nutqidan so‘ng prezidentdan ikkita masalada: zavodga boradigan yo‘l yo‘qligi va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarda yordam so‘radi. Shavkat Mirziyoyev infratuzilmasiz korxona ishlay olmasligini ta‘kidlab, ikkala masalani ham bayonnomaga kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Grand Pharm Trade 2015-yil aprel oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 39,8 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya “farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi” bilan shug‘ullanadi. Ta‘sischilari: Abbosxo‘jayev Azizxo‘ja Avazxo‘ja o‘g‘li (65%) va Aliyev Nodirxon Boxodirovich (35%). Rahimov Alisher Abduhakim o‘g‘li direktor sifatida ko‘rsatilgan.

Soliq qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida Grand Pharm Trade 104,8 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lagan — bu savdo sohasidagi tashkilotlar orasida 11-o‘rindagi ko‘rsatkichdir.

Spot, avvalroq, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar 3 yilga yer solig‘idan ozod etilishi haqida yozgandi.