Tabiiy gaz uchun belgilangan qishki limit mart oyining ikkinchi yarmi uchun uzaytirilmadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 16−20-mart kunlari mamlakat hududlarida havo harorati kunduzi +22°C gacha, kechasi +10°C bo‘lishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib, 16-martdan boshlab 1-noyabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha (Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 1-oktabrgacha) bazaviy me’yor amal qiladi.
Bir oylik 500 kub metr bazaviy me’yor mart oyining birinchi yarmi uchun (1−15-mart kunlari) teng ulushlarda taqsimlanganda 250 kub metrni, oyning ikkinchi yarmi uchun (16−31 mart kunlari) 100 kub metr norma taqsimlansa, 50 kub metrni tashkil etadi.
Vazirlik 50 kub metr gaz uchun iste’molchilar bazaviy me’yor doirasida — 1800 so‘mdan emas, balki 1000 so‘mdan to‘lov qilishi mumkinligini bildirdi.
Havo harorati sovishi munosabati bilan tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy me‘yor barcha hududlarda 15-martga qadar uzaytirilgandi. Undan keyin ob-havo sharoitidan kelib chiqib qo‘shimcha choralar ko‘rilishi maʼlum qilindi.
Undan keyin Hududgaztaʼminot korxonasi ham ob-havo sharoiti hamda zarur hollarda mart oyining ikkinchi yarmida qo‘shimcha choralar kiritilishi mumkinligini bildirdi.
O‘tgan yilning fevral oyi oxirida hukumat mart oyida kutilayotgan sovuq tufayli 500 kub metrlik oshirilgan ijtimoiy normaning amal qilish muddatini 1-aprelgacha uzaytirgan edi. Energetika vazirligi hukumat bilan kelishgan holda ob-havo sharoitidan kelib chiqib, oshirilgan ijtimoiy normaning amal qilish muddatini o‘zgartirish huquqini olgan.
Hukumat, shuningdek, o‘tgan yili elektr energiyasi va gaz tariflarining oshirilishini 1-mayga qadar kechiktirgan edi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev “aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida” shunday topshiriq bergan.
Ehtiyojmand oilalarga ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun har oyda quyidagicha kompensatsiya beriladi:
- elektr uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq (200 kVt/soatdan keyingi) 150 kVt/soatgacha;
- gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha ba’zaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun.
Avvalroq 16-mart kuni metan “zapravka"lar qaysi vaqtda ishlashi ma’lum qilingandi.