Tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy me‘yor barcha hududlarda 15-martga qadar uzaytirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bunga sovuq havo massasi mamlakatning boshqa hududlariga ham kirishi ehtimoli sabab bo‘lgan.

Shu bois 500 kub metr bazaviy me‘yor barcha hududlarda 15-martgacha uzaytirilgan.

Shundan keyin esa ob-havo sharoitidan kelib chiqib qo‘shimcha choralar ko‘rilishi qayd etildi.

Kecha Qoraqalpog‘iston va Xorazmda gaz uchun bazaviy me‘yor 15-martgacha uzaytirilgan edi.

Shundan so‘ng iqtisodchi Otabek Bakirov sovuq havo boshqa viloyatlarda ham bo‘lishiga urg‘u berib, vazirlik qolgan hududlarda meʼyor davrini cho‘zishi mumkinligi haqida yozgandi.

“Qonunchilik ularga vakolat bergandi. Lekin energetiklarda xalqqa nisbatan empatiya bo‘lmasa baribir qiyin ekan”, — deb yozgan edi u.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2025-yilda elektr uzilishlari bo‘yicha shikoyatlar 50% ga kamaygani, ammo gaz bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha ko‘proq murojaat tushgani haqida yozgandi.