Meta sun’iy intellektga yo‘naltirilgan investitsiyalarni qoplash maqsadida xodimlar sonini ommaviy qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Reuters.

Qayd etilishicha, qisqarishlar xodimlarning 20%i va undan ko‘prog‘iga ta’sir qilishi mumkin.

Nashrning yozishicha, bunga kompaniyaning sun’iy intellekt infratuzilmasiga kiritilgan sarmoyalarni qoplash va xodimlar samaradorligini oshirishga tayyorgarlik ko‘rish istagi sabab bo‘lgan.

Ishdan bo‘shatishlar qachon boshlanishi hali belgilanmagan, ko‘lami ham tasdiqlanmagan. Ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, yuqori lavozimli rahbarlarga qisqartirishlarni rejalashtirishni boshlash topshirilgan.

2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, Meta kompaniyasida 79 mingga yaqin xodim ishlagan. Agentlikning qayd etishicha, agar qisqartirishlar shtatning 20%ini tashkil qilsa, bu kompaniyaning 2022-yil oxiri — 2023-yil boshidagi restrukturizatsiyasidan keyingi eng yirik qisqartirish bo‘ladi. O‘shanda avvaliga 11 ming, keyinroq esa yana 10 ming kishi ishdan bo‘shatilgandi.

2026-yil fevralida Financial Times nashri Meta aksariyat xodimlarining aksiyalar ko‘rinishidagi mukofot pulini 5% ga kamaytirgani haqida xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, bu chora sun’iy intellektni rivojlantirish va ma’lumotlar markazlariga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmining ortishi bilan ham bog‘liq. Kompaniya 2026-yilda $115−135 mlrd miqdorida kapital xarajatlarni rejalashtirgan.


Avvalroq Meta inson vafotidan keyin uning ijtimoiy tarmoqlarini boshqara oladigan SIni patentlagani haqida xabar berilgandi.