Oxirgi bir oyda Toshkentdagi avtobus bekatlarida joylashgan do‘konlarning buzilishi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mart oyi boshida poytaxt hokimligi bekatlarni yagona standartga keltirish va barcha savdo nuqtalarini olib tashlash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu pavilonlarning bir qismidan maqsadli foydalanilmayotgani bilan izohlanadi: do‘konlar bekat hududini egallab, yo‘lovchilarga xalaqit bermoqda, natijada odamlar jamoat transportini yo‘lning qatnov qismida kutishga majbur bo‘lmoqda.
Bu kabi shoxobchalar o‘rniga shaharda “aqlli” bekatlarni qurish rejalashtirilgan. Ularga kuzatuv kameralari, transport kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar o‘rnatiladi hamda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus kutish joyi tashkil etiladi.
Tadbirkorlarning bir qismi allaqachon ko‘chirish haqida ogohlantirish olgan. Ularga muqobil joylar taklif qilinmoqda, xususan, avvalgi joyidan 100 metr radiusda joylashish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Spot bekatlardagi savdo nuqtalarining buzilishi masalasini poytaxt hokimiyati bilan muhokama qildi. Ma’muriyatga ko‘ra, bekatlar o‘zining asosiy vazifasini bajarishi — yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi kerak.
“Tadbirkorlar avvalgi nuqtaga yaqin, bekatdan 100 metr radiusda, ko‘chaning o‘tish qismida yengil konstruksiyalarni o‘rnatishi mumkin. Shuningdek, hokimlik „mavjud imkoniyatlar doirasida“ joylashtirishning boshqa variantlarini ko‘rib chiqishga tayyor. Barcha shartlar alohida muhokama qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi Toshkentda avtobus bekatlaridagi ayrim savdo do‘konlari sud qarorlari asosida demontaj qilinayotganini bildirdi. O‘rganishlarda 1995−2005-yillarda qurilgan 120 ta do‘konning qariyb yarmida noqonuniy qurilmalar aniqlangan.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash tartibini ishlab chiqish va bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etishni taklif qildi. Shu bilan birga, mutaxassislar bu jarayonda tadbirkorlarning zararini hisobga olib, kompensatsiya mexanizmini ochiq va adolatli tashkil etish zarurligini qayd etdi.
Bekatlardagi savdo nuqtalarining buzilishi biznesga qanday ta’sir qilishi va ular ko‘chirilgandan keyin daromadni saqlab qolish imkoni — Spot bu masalani Open Horeca asoschisi Ahmad Abdurassulov hamda O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi jamiyati raisi Sharofiddin Xamzayev bilan muhokama qildi.

O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi jamiyati raisi
Toshkentdagi avtobus bekatlarida savdo shoxobchalari va do‘konlar faoliyati ham tadbirkorlikni rivojlantirish, ham aholiga qulaylik yaratish maqsadida joriy qilingan edi. Bunda hududning 40 yoki 50%i do‘kon, qolgan qismi esa bekatni saqlash uchun mo‘ljallangandi. Lekin, ayrim tadbirkorlar uni 100% egallab, bekatni tashqariga chiqarib yuborish holatlari ham kuzatildi.
Bu esa yo‘lovchilarning hayotiga va harakat xavfsizligiga ta’sir qiladi. Aytish mumkinki, tadbirkorlar orasida bekatlarni konditsioner bilan jihozlab, o‘rindiqlarni yangilab, uning tozaligi va ozodaligiga qaraganlari ham bor edi. Bu jihatdan ularning faoliyati qoniqarli edi.
Bekatlardan savdo obyektlarini olib tashlash bir tomondan yo‘lovchilarga bir ozgina noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Chunki shu paytgacha biz bekatdan uzoqlashmagan holda undagi do‘kondan o‘zimizga kerakli narsalarimizni xarid qilib, o‘sha yerning o‘zida avtobus kutib turardik, u kelganidan keyin esa bekatdan chiqib ketardik.
Boshqa tomondan esa bu yerda haydovchilarning madaniyati masalasi ham turibdi. Chunki ular avtobuslar harakatiga juda ko‘p ta’sir qilishdi. Masalan, ayrim bekatlarda joylashgan qahvaxonalarga yengil avtomobillar kelib, o‘sha yerda soatlab turib qolishardi. Natijada bu avtobuslar harakatiga xalaqit berardi, bu huquqiy ongsizlikdir.
Savdo do‘konlarini buzish ishlari aslida sud tartibida amalga oshirilishi kerak. Chunki bunday obyektlarning ayrimlaridan tadbirkorlar shu paytgacha qonuniy tartibda foydalanib kelishgan, ular o‘zi-o‘zidan bekatga do‘kon qilib olishmagan edi.
Toshkent shahar hokimligi savdo obyektlari buzilayotgan tadbirkorlarga boshqa joydan yer ajratib berilishini ma’lum qildi. Xo‘p, shunday ham bo‘ldi, deylik, lekin bu yerda tadbirkorlarning xarajati ham bor — unga ketadigan qurilish-montaj, ko‘chirish ishlari va mahsulotlariga ham ta’sir qiladi bu.
To‘g‘ri, bu narsani qachondir tartibga solish kerak edi, faqat tadbirkorlar faoliyatiga ta’sir qilmagan holda. Hozir bunday obyektlar buzib tashlanyapdi, do‘konlar faoliyati esa to‘xtab qolmoqda. Bu vaziyatda ho‘l-u quruq baravar yondi: demontaj ishlari namunali tadbirkorga ham, butun bekatni noqonuniy egallab olgan tadbirkor ham ta’sir qildi.
Agar tartibga solish zarur bo‘lsa, bu masalani kameralar orqali nazorat qilish mumkin edi. Masalan, bekat hududiga kamera o‘rnatib, haydovchi do‘kon oldida to‘xtab qolgan holatlarni avtomatik tarzda qayd etish mumkin. Bunday texnologik yechimlar mavjud bo‘lsa-da, amalda ulardan foydalanilmayapdi.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, agar taqiqlovchi belgi o‘rnatilmagan bo‘lsa, haydovchi yo‘lovchini tushirish yoki olib ketish uchun bekatda qisqa muddat to‘xtashiga ruxsat berilgan. Endi buni kim nazorat qiladi? Agar tadbirkorlar kameralar o‘rnatgan taqdirda, ma’lumotlar YHXX axborot bazasiga uzatilsa, shu orqali haydovchilar harakatini tartibga solish imkoni tug‘ilardi.
Masalan, hozirgi kunda kameralar svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay o‘tish, piyodaga yo‘l bermaslik yoki xavfsizlik kamarini taqmaslik kabi qoidabuzarliklarni ham qayd etmoqda. Xuddi shu kabi bekat hududidagi do‘konlarni buzib tashlash o‘rniga qoidabuzarliklarni ham fiksatsiya qilish mumkin edi.

HoReCa bozori bo‘yicha mustaqil ekspert, ovqatlanish shoxobchalari va to-go nuqtalarini tayyor holda ishga tushirish bo‘yicha Open Horeca konsalting kompaniyasi asoschisi.
Toshkentdagi kichik biznes hozirda shahardagi yirik o‘zgarishlar tufayli doimiy stress holatida yashamoqda.
Avvaliga tadbirkorlar peshlavha va tashqi reklama cheklovlaridan aziyat chekdi. Savdo nuqtalari ko‘rimsizlanib qoldi, mijozlarning bir qismi ularni to‘laqonli faoliyat yuritayotgan biznes sifatida qabul qilmay qo‘ydi va bu darhol savdo ko‘rsatkichlariga ta’sir qildi.
Endi esa bekatlarning buzilishi bilan bog‘liq voqea ham qo‘shildi. Ko‘plab tadbirkorlar uchun bu ketma-ket ikkinchi jiddiy zarba bo‘ldi.
Muammo faqat qarorda emas, balki bunday jarayonlarning amalda qanday tashkil etilishidadir. Kichik biznes uchun tushunarli o‘tish mexanizmi, puxta tayyorgarlik va moslashish uchun vaqt bo‘lmasa, har qanday o‘zgarish to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy xavfga aylanadi. Ayrim tadbirkorlar uchun bu juda achinarli, hatto biznesning yopilishi bilan yakunlanishi mumkin.
Avtobus bekatlaridagi savdo nuqtalarini biznesga “arzon kirish” deb atamagan bo‘lardim. Ammo bu bozorga kirishning ancha oson yo‘li edi. Kichik maydoni va tushunarli ish modeli evaziga bekatlar ko‘plab tadbirkorlar uchun o‘z ishini boshlashning qulayroq usuli hisoblangan. Ayniqsa, o‘z miqyosi, tezligi va qulayligi bilan shundoq ham bozorning katta qismini egallab turgan yirik tarmoqlar fonida bu yaqqol sezilardi.
Kichik biznes uchun bunday formatlar bozorga kirib olish va o‘rnashib qolishning bir imkoniyati edi.
Bekat — bu shunchaki obyekt joylashgan joy emas. Kichik biznes uchun u biznes-modelning bir qismidir. Odamlar bekatdan ataylab kelgani uchun emas, balki u o‘zlarining kundalik yo‘nalishiga singib ketgani uchun xarid qiladi. Ishga ketayotib qahva ichish, shoshilinch tamaddi qilish, “yo‘l-yo‘lakay” mayda-chuyda xaridlar — bunday joylashuvlarning kuchi aynan shunda edi. Shu sababli bekatdan ayrilish shunchaki manzil o‘zgarishi emas, balki odatiy mijozlar oqimi va doimiy xaridorlarning bir qismini yo‘qotish demakdir.
Bekatlardagi savdo nuqtalarining buzilishi foydalanuvchi tajribasini shubhasiz yomonlashtiradi. Odam qulaylikka o‘rganib qoladi. Agar uning sevimli qahvaxonasi, do‘koni yoki fastfudi endi yo‘l ustida emas, balki qaysidir burchakda yoki ko‘zga tashlanmaydigan joyda paydo bo‘lsa, bu butunlay boshqa masala. Mijoz uchun bu noqulaylik tug‘diradi, biznes uchun esa kutilmagan talab va daromadning pasayishini anglatadi.
100 metr radiusda muqobil joy topish qanchalik haqiqatga yaqin? Qog‘ozda bu oson eshitiladi-yu, lekin amalda ko‘pincha hammasi ancha murakkabroq kechadi. Gavjum bekatlardan 100 metr radiusdagi yaxshi joylar odatda allaqachon band bo‘ladi.
Tadbirkorga rasman yaqin atrofda boshqa joy taklif qilingan taqdirda ham, bu uning odamlar oqimi, ko‘zga tashlanishi va qulayligi jihatidan avvalgisiga teng bo‘lishini anglatmaydi. Biznes uchun 100 metr ba’zan hal qiluvchi ahamiyatga ega farq bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik uchun bu aslida oddiy ko‘chish emas, balki biznesni noldan qayta boshlash deganidir. Yangidan joy izlash, ijara bo‘yicha kelishish, ta’mirlash, elektr, kanalizatsiya va butun infratuzilmani ulash, binoning old qismi va bezaklariga sarmoya kiritish, so‘ngra odamlarga yangi manzilni tushuntirish uchun marketingga alohida mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi.
Agar ilgari mijozlar oqimining bir qismini bekatning o‘zi ta’minlagan bo‘lsa, ko‘chgandan keyin bu oqimni yangidan va o‘z hisobidan shakllantirishiga to‘g‘ri keladi.
Amalda asosiy muammo shundaki, tadbirkor ko‘pincha o‘z xavf-xatarlari bilan yolg‘iz qolib ketadi. Biznesni ko‘chirish bir necha kunlik ish emas, balki yangi joy topish, kelishuvlar, ta’mir va ishga tushirish uchun oylab vaqt talab qiladi, shundan keyin aylanmani tiklash uchun yana uzoq muddat kerak bo‘ladi. Agar biznes kredit mablag‘lari hisobiga ishlayotgan bo‘lsa va egasining moliyaviy “yostig‘i” bo‘lmasa, bunday ko‘chish bankrotlikka olib kelishi mumkin.
Bekatlardagi biznes nima qilishi kerak?
Tadbirkorlarga hozirdan nima qilishni maslahat bergan bo‘lardim?
Birinchidan, yangi joyni buzish boshlangandan keyin emas, oldindan qidirishni boshlash kerak. Bunda haqiqiy piyodalar oqimi mavjud bo‘lgan turar-joy va tijorat binolarining birinchi qavatlariga e’tibor qaratish muhim. Shu bilan birga, taklif qilinadigan muqobil variant avvalgisiga teng bo‘ladi, deb kutmaslik kerak: amaliyotda bunday joylar odamlar oqimi, ko‘rinishi va mijoz uchun qulayligi jihatidan kamdan-kam hollarda mos tushadi.
Ikkinchidan, faqat joylashuvga yopishib qolmasdan, o‘z kanallaringizda mijozlar bazasini yig‘ishni boshlang. Agar biznesingizning hali ham Instagram’da sahifasi, Telegram-kanali, doimiy mehmonlarning aloqa ma’lumotlari yoki ular uchun foydali shartlarga ega do‘kon/qahvaxona kartochkalari bo‘lmasa, buni hozirdanoq yo‘lga qo‘yish kerak. Ko‘chish paytida aynan shu narsa faoliyatni noldan boshlamaslikka yordam beradi.
Uchinchidan, hamma narsani hujjatlashtirib boring. Ijara shartnomasi, bildirishnomalar, yozishmalar va har qanday murojaatlar saqlanib borilishi kerak. Agar tadbirkorning oldiga rasmiy hujjatlarsiz kelishsa, og‘zaki kelishuv asosida ish tutmaslik, avvalo buning huquqiy asosini talab qilish va keyin shunga mos ravishda harakat qilish to‘g‘ri bo‘ladi.
To‘rtinchidan, ko‘chishning to‘liq byudjetini oldindan aniq hisoblab chiqish ham muhim: ta’mirlash, infratuzilma, fasad, marketing va tushum deyarli muqarrar ravishda pasayadigan davr xarajatlari bunga kiradi. Ko‘pchilik uchun bu summa deyarli yangi biznes ochish xarajatiga teng bo‘lishi mumkin, shu bois bunga oldindan tayyor turish kerak.
Beshinchidan, agar ko‘chish muqarrar bo‘lib qolsa, uni faqat yo‘qotish sifatida emas, balki biznes formatini yanada kuchliroq qayta qurish imkoniyati sifatida ham ko‘rish muhim. Masalan, mustahkamroq bino, qulayroq o‘rindiqlar, ko‘zga yaxshiroq tashlanadigan joylashuv yoki mijoz bilan ishlashning yangi darajasi bunga misol bo‘la oladi. Odatda masalaga sovuqqonlik bilan yondashganlar yakunda avvalgidan ham barqarorroq mavqega ega bo‘lib chiqadi.
Eng asosiysi, oxirgi lahzagacha kutib o‘tirmaslik kerak. Zaxira ssenariyni hozirdanoq ishlab chiqish zarur. Chunki bunday vaziyatlarda eng katta zarbani ko‘chayotgan odam emas, balki “bu menga tegishli emas” deb oxirigacha umid qilib yurgan odam qabul qiladi.