ChatGPT’ni turli kasblarga moslashtirish ishlari olib borilmoqda, deya xabar berdi Business Insider.
Nashrga ko‘ra, hozirda pudratchilar tizimga chorvachilik, qishloq xo‘jaligi, musiqa bastalash va hatto tijorat aviatsiyasi kabi tor ixtisoslik sohalarida yanada chuqurlashishga yordam bermoqda.
Handshake AI startapida ichkarida “Stagecraft” deb ataladigan loyiha doirasida ma’lumotlarni belgilash bilan shug‘ullanuvchi frilanserlarga soatiga kamida $50, ayrim mutaxassislarga esa $500 gacha haq to‘lanadi.
Ular yaratgan materiallardan ChatGPT turli kasblarni tushunish uchun foydalanadi, bu haqda pudratchilardan biri Business Insider nashriga ma’lum qilgan.
Loyiha doirasida 3−4 mingga yaqin frilanser ishlamoqda. Ular chorvachilik, qishloq xo‘jaligi, musiqa, sog‘liqni saqlash va hatto tijorat aviatsiyasi kabi sohalar bo‘yicha real ish jarayonlariga o‘xshash vazifalar yaratadi.
Ularning vazifasi — o‘z kasbiga asoslangan “persona” yaratish va haqiqiy ish vazifalarini modellashtiruvchi topshiriqlar yozish.
Bu materiallar uch bosqichli tekshiruvdan o‘tadi: ikki marta Handshake tomonidan (jumladan, soha eksperti ishtirokida) va bir marta OpenAI tomonidan.
Loyiha ChatGPT’ni oddiy umumiy bilimdan chiqib, real kasbiy muhitga yaqinroq ishlay oladigan tizimga aylantirishni maqsad qilgan.
Biroq ayrim frilanserlar bu jarayon oxir-oqibat ularning o‘z ish o‘rinlarini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Spot Xitoyda bir kishi ishlaydigan kompaniyalar trendga chiqayotgani haqida yozgandi.
Bunday kompaniyalar biznesni boshlash va kengaytirishda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadi hamda jamoa yollamasdan ishlaydi.