Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun ma’qullandi.

Hozirda amaldagi qonun bugungi kun talablariga to‘liq javob bermasligi, uning yangi tahriri bilan avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ulardan foydalanish tartibini belgilash, yo‘l faoliyati sohasidagi munosabatlarni yangi talablar asosida tartibga solish ko‘zda tutiligan.

Qonunda avtomobil yo‘llari sohasida amal qilinishi shart bo‘lgan quyidagi asosiy prinsiplar aniq belgilanmoqda:

  • yo‘llar ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalanishi;
  • qarorlar ochiq va shaffof bo‘lishi;
  • yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishi;
  • tabiatga zarar yetkazilmasligi;
  • har bir fuqaro yo‘llardan teng va qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi.

Hujjatda muhim yangilik sifatida avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkinligi mustahkamlanmoqda. Qonunga muvofiq avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi belgilanmoqda.

Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

Pulli yo‘llarni tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi ommaviy shartnoma kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.

Senatorlar qonun normalari yo‘llarni asrash, avariyalar sonini kamaytirish va inson hayotini muhofaza qilishga, shuningdek, harakat tezligi ortib, tirbandliklar kamayishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Loyiha Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yilning sentabr oyida qabul qilingandi.

Avvalroq Spot Toshkentdagi Buyuk Ipak Yo‘li metrosi yaqinida ikki qavatli chorraha va BRT yo‘lagi qurilishi haqida yozgan edi.