Neyroxirurg doktor Jek Kruz simsiz quloqchinlar elektromagnit maydonlar (EMM) ta’siri tufayli inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytdi, deb yozadi Unilad.

Uning so‘zlariga ko‘ra, EMM bilan bog‘liq xavotirlar 1970-yillarda paydo bo‘lgan. O‘shanda amerikalik jarroh va tadqiqotchi Robert O. Bekker harbiy aloqa tizimlarida qo‘llaniladigan o‘ta past chastotali to‘lqinlarning ta’sirini o‘rganayotgan edi.

Tadqiqotlar davomida bunday to‘lqinlar ta’siriga uchragan hayvonlarda rivojlanishning sekinlashishi va biologik stress belgilari kuzatildi.

Odamlar ishtirokidagi alohida sinovlarda yurak-qon tomir kasalliklarining dastlabki belgilaridan biri bo‘lgan qondagi lipidlar darajasining oshishi qayd etilgan.

Bekker elektromagnit maydonlar insult va yurak kasalliklari xavfining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

O‘n yillar o‘tgach, doktor Kruz uning xulosalarini qo‘llab-quvvatladi. Intervyulardan birida u “sun'iy EMM"ning zamonaviy manbalari simsiz texnologiyalar, ekranlar, lyuminessent yoritish va mikroto‘lqinli nurlanish ekanligini aytdi.

Ayniqsa, neyrojarroh simsiz quloqchinlar haqida keskin fikr bildirib, ulardan foydalanishni organizm uchun potensial xavfli deb atadi.

Ehtimoliy oqibatlar orasida u saraton xavfi, nevrologik buzilishlar, xotira, ta’lim va reproduktiv tizim bilan bog‘liq muammolarni sanab o‘tdi.

Avvalroq Leven universiteti kiberxavfsizlik tadqiqotchilari guruhi Google Fast Pair protokolida jiddiy zaifliklarni aniqlagandi.

Bu zaifliklar potentsial jihatdan buzg‘unchilarga foydalanuvchilarni kuzatish va simsiz audio qurilmalarga ruxsatsiz kirish imkoniyatini berishi mumkin.

Muammo Bluetooth ta’sir doirasidagi turli brendlarning quloqliklari va karnaylariga ta’sir qiladi. Hujum juftlash jarayonida qurilmalar tomonidan uzatilgan unikal Model ID identifikatorini tutib olishga asoslangan.

Fast Pair mantig‘idagi xatolar tufayli ko‘plab qurilmalar boshqa ovoz manbasiga ulangan bo‘lsa ham, yangi ulanishlarni qabul qilishda davom etadi.

Tajribalar davomida tadqiqotchilar buzish 15 soniyadan kamroq vaqt olishini ko‘rsatdi. Kirish huquqini qo‘lga kiritgandan so‘ng, hujumchi ijroni boshqarishi, tovush balandligini o‘zgartirishi, ovozni o‘chirishi va ba’zi hollarda hatto suhbatlarni tinglash uchun o‘rnatilgan mikrofonlarni faollashtirishi mumkin.

Google va Sony kabi ba’zi ishlab chiqaruvchilarning modellari alohida tashvish uyg‘otmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday qurilmalar Google Find Hub xizmati orqali egasining joylashuvini yuqori aniqlikda kuzatish imkonini beradi.

Agar aksessuar avval Google hisobiga biriktirilmagan bo‘lsa, buzg‘unchi uni o‘ziga registratsiya qilishi va doimiy joylashuvni kuzatish uchun ishlatishi mumkin.

Google allaqachon zaifliklarni tan oldi, o‘z uskunalari uchun yangilanishlarni chiqardi va Find Hub’ga ruxsatsiz ro‘yxatdan o‘tishni bloklashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritdi.

Biroq, tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, ko‘rilgan choralar muammoni tizimli ravishda bartaraf etmaydi.