Qarshi shahrida 27 gektar maydonda renovatsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning joriy yil 24-fevraldagi tegishli qaroriga asosan Qarshi shahrining Xontepa mahallasida kompleks qurilish tamoyillari asosida renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi.

27 gektar yer maydonida zamonaviy ko‘p qavatli uylar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etiladi.

8-aprel kuni Qashqadaryo Invest kompaniyasi, Qarshi shahar hokimligi va bir qator tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan renovatsiya hududida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ishlarni bosqichma-bosqich va samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilib, loyiha taqdimotlari yuzasidan tegishli fikr-mulohazalar bildirildi.

Prezident qaroriga ko‘ra, investitsiya kompaniyalariga Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi bilan kelishilgan holda kompleks qurilish hududining batafsil rejalashtirish loyihasi (master rejasi) va qurish loyihasini ishlab chiqish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali loyiha tashkilotlarini jalb etish huquqi berilgan.

qarshi, qashqadaryo, qurilish, renovatsiya, urbanizatsiya

Qarshidagi renovatsiya loyihasining joylashuvi. Foto: Spot / Google Earth

Spot koordinatalar asosida renovatsiya loyihasi rejalashtirilgan hududning joylashuvini aniqladi. Unga ko‘ra, bu yerda joylashgan obyektlarning aksariyati turar joy emas, balki omborlar va boshqa logistika infratuzilmasi obyektlaridan iborat.

Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini tezlashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni qabul qildi. Unga ko‘ra, qurilish sohasida huquqiy eksperiment tashkil etish rejalashtirilgan edi.

2026-yil 1-martdan 2028-yil 1-martga qadar tajriba-sinov tariqasida ajratilgan muayyan uchastkalarda “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Uning doirasida ko‘p qavatli uylarni kompleks mexanizmlar asosida qurish rejalashtirilgan.

Kompleks loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent Invest va Samarqand Invest kompaniyalari tajribasi asosida viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan investitsiya kompaniyalari mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda renovatsiya paytida aholining rozilik chegarasi 80% gacha pasaytirilishi haqida yozgan edi.