Janubiy Koreya hukumati barcha mobil aloqa abonentlarini internetga kafolatlangan ulanish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda, deb yozadi The Elec.
Fan va axborot texnologiyalari vazirligi 9-aprel kuni iste’mol narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha yig‘ilishda tashabbusni ilgari surdi. Gap oylik trafik limitini sarflagan foydalanuvchilar uchun minimal kirish haqida ketmoqda.
Limit tugagandan so‘ng ulanish tezligi 400 Kbit/s gacha pasaytiriladi. Bu messenjerlar va kartalar kabi asosiy xizmatlar uchun yetarli bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi funksiya barcha LTE (4G) va 5G tarif rejalarini, shu jumladan ilgari cheksiz ulanish bo‘lmaganlarni ham qamrab olishi kerak.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, buning natijasida 7,1 mln abonent 322 mlrd vongacha ($217 mln yoki hozirgi kurs bo‘yicha 2,64 trln so‘m) tejash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, rasmiylar eng arzon 5G tariflari narxini 1,5 barobarga — oyiga 30 ming vondan 20 ming vonga ($13,48 yoki 164 ming so‘m) tushirishni rejalashtirmoqda.
LTE va 5G segmentlaridagi takliflar o‘rtasidagi integratsiya tufayli tariflarning umumiy soni ikki baravardan ko‘proqqa kamayishi kerak.
Bundan tashqari, keksa abonentlar uchun cheksiz qo‘ng‘iroqlar va SMS xabarlar taqdim etiladi. Yoshlar va pensionerlarga internet-trafikning oshirilgan paketlari va boshqa imtiyozlar beriladi.
Vazirlik mamlakatning uchta asosiy mobil operatori — SK Telecom, KT va LG U+ bilan muzokaralar olib bordi va iyun oyi oxirigacha o‘zgarishlarni tasdiqlashni rejalashtirmoqda.
Yana bir yangilik — eng mos tarif rejasini tanlashda yordam berish tizimi bo‘ladi. U shu yilning oktyabr oyidan ishga tushishi kerak.
Bosh vazir o‘rinbosari — fan va texnologiyalar vaziri Be Kyonxun internet va sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanish imkoniyatini insonning asosiy huquqlaridan biri deb atadi.
Shuningdek, u aloqa operatorlari 2025-yilda foydalanuvchi ma’lumotlarining yirik sizib chiqishidan keyin “jamoat manfaati"ga hissa qo‘shishlari kerakligini aytdi.