O‘zbekistonda uch oyda 2 mingdan ortiq chiqindi qoidabuzarligi aniqlandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik qoshidagi Kuzatuv kameralaridan foydalanish va nazorat qilish bo‘limi tomonidan mamlakat hududlarida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq holatlar o‘rganildi.

Natijada yanvar-mart oylarida chiqindi bilan bog‘liq jami 2 107 ta qoidabuzarlik holati aniqlangan. Shundan 322 tasi bo‘yicha ma’muriy javobgarlik qo‘llanilib, jarimalar undirildi.

Qolgan 1 785 ta holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar belgilanmoqda.

Taqdim etilgan videotasvirlarda Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy hamda Buxoro viloyatlarida aniqlangan holatlar keltirilgan.

Agentlikka ko‘ra, mamlakatning deyarli barcha hududlarida jami 700 ga yaqin onlayn kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Ular chiqindi tashlash bilan birga, boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlash va chora ko‘rishda qo‘llaniladi.

Avvalroq Spot chiqindidan qarzdorlik uchun elektr to‘lovlariga kiritilgan cheklovlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida yozgan edi. Raqobat qo‘mitasi chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketmaslik va asossiz qarzdorlik hisoblash holatlari yuzasidan Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yubordi.