Hindiston kompaniyasi Namangan viloyatidagi loyihalarga $50 mln sarmoya kiritmoqchi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

1-mart kuni Hindistonning Krsnaa Diagnostics kompaniyasi vakillari Namangan viloyatidagi bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mavjud sharoitlar bilan tanishdi.

9-aprel kuni Krsnaa Diagnostics boshqaruvi raisi Rajendra Mutha boshchiligidagi delegatsiya Namanganga keldi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mehmonlar bilan xorijiy kompaniyaning mavjud imkoniyatlari va hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida Namangan viloyati hokimligi va kompaniya o‘rtasida $50 mlnlik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

Viloyat hokimligi ushbu memorandum har ikki tomonning Namangan viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishga hamda investitsiyaviy, sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga ko‘maklashishga tayyorligini ifoda etishini ta’kidladi.

Loyihalar 2026−2028-yillar oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Krsnaa Diagnostics — farmatsevtika va diagnostika sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega kompaniya. U Hindistonning 150 dan ortiq tumanlarida 2000 dan ortiq diagnostika markazlari va laboratoriyalardan iborat tarmoqni shakllantirdi. Hozir uning ixtiyorida 150 dan ortiq kompyuter tomografiyasi, 100 ta MRT apparati va 1800 ta rentgen markazi mavjud.


Avvalroq Spot Namanganda qiymati $150 mlnlik Arashan Resort dam olish maskanini qurish ishlari boshlangani haqida yozgandi.

Majmua tarkibida 12 ta mehmonxona, etno-park, chang‘i yo‘laklari va ziplayn bo‘ladi. Bu yerda yiliga 900 mingdan ortiq kishi dam olishi mumkin.