O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlagan aholi soni 2,2 mlndan oshdi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi matbuot xizmati ma’lum qildi.
2026-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda “Kreditga taqiq” xizmatiga ulangan jismoniy shaxslar 2 mln 207 ming 753 nafarni tashkil etdi. Gender ko‘rsatkichi bo‘yicha ularning asosiy qismi — 58% ini (1 mln 283 ming 506) erkaklar tashkil etadi, qolgan 924 ming 247 nafari esa ayollardir.
Yosh kesimida o‘z-o‘ziga kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yishdan eng ko‘p 26−35 yoshdagi fuqarolar foydalanadi — ular barcha foydalanuvchilarning 31%ini tashkil qiladi.
Keyingi o‘rinlarda 26 yoshgacha bo‘lganlar hamda 36−45 yoshdagilar mos ravishda 24% bilan turibdi. Shu bilan birga, 46−55 yosh oralig‘idagilar 12% ga, 56 yoshdan yuqori aholi soni esa atigi 9% ga to‘g‘ri keladi.
Kredit olishni taqiqlash
Joriy yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.
Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.
Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.
Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.
2025-yilda kiberjinoyatlar oqibatida o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘i o‘g‘irlangan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 11 barobarga oshib, 62 mingdan ortgan. Jami yetkazilgan zarar 3,73 trln so‘mni tashkil etib, uning yarmi o‘tgan yilning 11 oyiga to‘g‘ri keladi.
Jinoyatlarning oldini olish doirasida 483 ta fishing dasturi bloklangan hamda kriptoaktivlar sohasidagi qonunbuzilishlar orqali 76 mlrd so‘m mablag‘ chiqib ketishining oldi olingan. 2025-yilning olti oyida O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 42%i kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq Spot 1-fevraldan davlat ta’minotidagi oilalarga tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.
