Vazirlar mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni to’plovchi markazlashtirilgan tizim ishga tushiriladi.
2019 yil 1 iyuldan boshlab:
- transport vositasidagi videoregistratorlar qayd etgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan texnika (foto va videoradar) qayd etgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi;
- tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar o‘rnatish bo‘yicha majburiy tartib joriy etiladi;
- huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofotibilan rag‘batlantiriladi;
- huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar oshkor etilmaydi.
Ichki ishlar vazirligi 2019 yil 1 iyulga qadar videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari haqidagi videoyozuvlarni to‘plovchi markazlashtirilgan tizimni ishga tushirilishini ta’minlaydi.