Nyu-Deli shahrida 104,1 mln. dollar miqdorda eksport va import shartnomalari imzolandi, deb yozadi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, Nyu-Deli shahrida “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” milliy mahsulotlar ko’rgazmasi va O’zbekiston-Hindiston biznes-forumi davomida umumiy 104,1 mln. dollar miqdorida 29 ta shartnoma imzolandi.

“Tomonlar umumiy 102,1 mln. dollarlik eksport shartnomalari va 1 ta import kelishuvini (2 mln. dollar) imzoladilar. Eksport shartnomalari qishloq xo’jaligi mahsulotlari (quritilgan mevalar, dukkakli mahsulotlar, bodom, qizilmiya ildizi), kimyo, shuningdek tekstil mahsulotlari yetkazib berishdan iborat, import shartnomasi esa qurilish materiallarini sotib olishni nazarda tutadi”, deyiladi xabarda.

Ikki davlat tashkilotlari va ishbilarmon doiralarining 100 dan ziyod vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirlar prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida tashkil etildi.