Neft va gaz sanoatiga qarashli O‘zbekistonning turli hududlarida joylashgan ixtisosli bo‘lmagan 156 ob’ektlar ochiq savdolarda xususiy mulkka sotiladigan bo‘ldi, deb yozadi kompaniya matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining “Neft-gaz tarmog‘i tashkilotlarining aktivlaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan “O‘zbekneftgaz” AJning ixtisosli bo‘lmagan aktivlari ommaviy savdolarga qo‘yilishi ma’lum bo’lgan edi.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, fermer xo‘jaliklar rahbarlarini savdoga qo‘yilgan intensiv bog‘lar, bog‘dorchilik xo‘jaliklari, sut mahsulotlarini qayta ishlash sexlari, chorvachilik majmualari, go‘shtni qayta ishlash va kolbasa ishlab chiqarish korxonalari, baliqchilik xo‘jaliklari, issiqxonalar, parrandachilik fermalari, yordamchi xo‘jaliklar, asalarichilik xo‘jaliklari,qandolatchilik sexlari va sovutish uskunalari qiziqtirishi mumkin.

“Tadbirkorlar yoqilg‘i quyish shahobchalariga, gaz uskunalarini tekshirish va o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi markazlarga, elektr jihozlarini ta’mirlash ustaxonalariga, tikuvchilik sexlari, dam olish oromgohlari, sihatgohlar, turar-joy binolari (qurilishi bitmagan), do‘konlar va savdo majmualariga e’tibor qaratishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ma’muriy binolar, sport majmualari, mehmonxonalar va yotoqxonalar, poliklinikalar, yoshlar markazi binolari, do‘konlar, omborxonalar, nasldor otlarni ko‘paytirish va tayyorlash majmualari ham ochiq savdolarga qo‘yilgan.

“Savdoga qo‘yilgan aktivlarning aksariyati yo‘lga qo‘yilgan biznes bo‘lib, qo‘shimcha mablag‘ kiritilishini talab qilmaydi. Ob’ektlarni yangi egalariga sotish esa O‘zbekiston viloyatlari aholisini qo‘shicha ish o‘rinlari bilan ta’minlash imkonini yaratadi”, deya aniqlik kiritadi kompaniya.

Takliflar bo‘yicha to‘liq ma’lumotni havola orqali olish mumkin.

Agarda obyektlar ochiq savdolarga qo‘yilgan kundan boshlab uch oy mobaynida sotilmasa, ular tadbirkorlarga bozor qiymatida 10 yilgacha muddat ichida uzish sharti bilan sotiladi.