Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti O‘zbekistonda qurilayotgan eng yirik turistik ob’ektlardan biridir. Loyiha mamlakatimizdagi birinchi tog‘li kurort bo‘lib, unda mijozlarga kulay, xavfsiz va sifatli, jahon talablari darajasida xizmat ko‘rsatiladi.

Kurort haqida

Qurilish ishlariga eng ilg‘or va innovatsion texnologiyalar jalb qilingan kurort loyihasi uch bosqichda amalga oshiriladi. 15 dekabrda birinchi bosqich yakunlanib, shu kunning o‘zida Amirsoy dam olish maskanining ochilishi rejalashtirilgan, deb yozadi O’zA.

“Ushbu kurort mintaqadagi raqobatchilaridan nimasi bilan farqlanadi? Birinchidan, biz kurortga eng so‘ngi zamonaviy texnologiyalarni jalb qilganmiz. Qolaversa, qurilish ishlari ham barcha xavfsizlik qoidalariga mos ravishda olib borilmoqda”, — deydi “Amirsoy” tog‘ kurorti direktori Xose Antonio Karniser.

Xose Antonio Karniser so’zlariga ko’ra, ushbu dam olish maskani Yevropa talablari darajasidagi kurortlardan biri bo‘ladi. Ikkinchidan, joylashuv. Amirsoy Toshkent shahri, shu bilan birga, aeroportga yaqin hududda joylashgan. Uchinchidan, eng katta yutug‘imiz bu — chang‘i uchishga juda mos keluvchi qor qatlamidir.

Umumiy hisobda uzunligi 3 km.dan ortiq 2 ta osma dor yo‘li va jami 10 km.li turli murakkablikdagi 8 ta tog‘-chang‘i trassasining qurilish-montaj ishlari ketmoqda.

Bundan tashqari, 15 dekabrga qadar 2 ta restoran, tog‘ chang‘isi va boshqa vositalarni ijaraga berish punktlariga ega ko‘p tarmoqli markaz qurib bitkaziladi. Shu kunga qadar loyihaning eng murakkab qismi hisoblangan — tog‘ bo‘ylab harakatlanuvchi kirish va dor yo‘llariga olib boradigan texnologik yo‘laklarni qurish ishlari yakunlangan.

Qurilishdagi qiyinchiliklar

Ta’kidlanishicha, kurortga olib boruvchi magistral yo‘l qurilishi hali oxiriga yetkazilmagan. Mavjud yo‘l esa yog‘in-sochin kunlarda loyqa bo‘lib, avtomobil yurishiga imkon bermaydi. Yo‘l qurish vazifasi o‘tgan yilning 14 sentyabr kuni Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan edi.

Hozircha, ko‘prik qurilishi oxiriga yetmagani bois, uddaburon avstriyaliklar, azbaroyi ishlarini tezlashtirishlari uchun ulkan chanalarda o‘z yuklarini yuqoriga tortib olishmoqda.

Dor yo‘li o‘z vaqtida ishga tushishi uchun tog‘li hududga yangi elektr uzatish minoralarini o‘rnatish orqali elektr ta’minot masalasini hal etish kerak. Mazkur vazifa hukumat topshirig‘i bilan “O‘zbekenergo” DAKga yuklatilgan edi. 25 oktyabr kuni rejadagi 26 ta elektr uzatish minoralaridan faqatgina 11tasi qurilgan edi. So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, bu boradagi ishlar jadallashtirilgani bois kurortda yana 9 ta minora qad rostlagan.

Afsuski, eng yirik turistik obyekt loyihasini belgilangan muddatda ishga tushishi esa — mamlakat ijobiy imijiga daxldor masala. Shuning uchun ham Bosh prokuratura tomonidan tegishli davlat idoralari vakillaridan iborat shtab tuziladigan bo‘ldi. Bu esa qurilish jarayonining o‘z vaqtida borishini nazorat qilish, yuzaga kelgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish pirovardida Amirsoy dam olish maskani o‘z vaqtida ishga tushishiga xizmat qiladi.

Kurort rahbariyati ham ishlar jadallashib, 15 dekabr sanasida dor yo‘li va chang‘i trassalari mehmonlar ixtiyorida bo‘lishiga umid qilmoqda.