Xorazm viloyatida bevosita soliq idoralari xodimlari sa’y-harakatlari bilan 309 ta tadbirkorlik subyektining faoliyati qayta tiklandi. Ularning 4846,3 mln. so‘mlik qarzdorligidan o‘tildi. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Bundan tashqari, davlat soliq xizmati organlarida hisobda turmasdan, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 7 600 dan ortiq fuqarolarning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ta’minlandi. Joriy yilning 10 oyida amalga oshirilgan ishlar natijasida byudjetga qo‘shimcha 183 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar undirilishi ta’minlandi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer uchastkalarini davlat soliq xizmati organlarida to‘liq hisobga olish va mol-mulkni kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblash orqali 6 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar undirilishiga erishildi.

Shu bilan birga, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 29 ta bozor va savdo komplekslarida undiriladigan yig‘imlarni to‘liq kirim qilish hisobiga, ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxslarni aniqlash va tadbirkorlarning norasmiy yollanma ishchilarini ro‘yxatga olish va qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarni undirish natijasida byudjetga qo‘shimcha daromadlar tushumi yanada kengaymoqda.

Prezident farmoniga ko’ra, 2018 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik maqomini yoʻqotgan, faoliyatini amalga oshirmayotgan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki davlat roʻyxatidan oʻtgan hollarda, qatʼiy belgilangan soliq va moliyaviy jarima boʻyicha qarzi hisobdan chiqarilishi belgilangan.