Joriy yilning noyabr oyida xalq SPOsi — jismoniy shaxslar tomonidan Qo‘qon mexanika zavodi aksiyalarini sotib olish uchun arizalar qabuli boshlanadi.

“Fridom Finans” investitsion kompaniyasi asoschisi Timur Turlov mamlakatning bu yo‘nalishdagi imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi vaO‘zbekiston shaharlari bo‘ylab keng ko‘lamdagi road show boshlanishini ma’lum qildi.

Qo‘qon mexanika zavodi — O‘zbekiston mashinasozlik tarmog‘ida peshqadamlik qiluvchi va O‘zbekneftgazning asosiy yetkazib beruvchi tashkilotidir. Kompaniya neftgaz va kimyo sohasi uchun uskunalarni o‘z ichiga olgan 50 turdan ziyod mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Qo‘qon mexanika zavodining asosiy aksiyadori “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi qoshidagi “O‘zneftgazmash” Aksionerlik Jamiyatidir. Ikkilamchi joylashtirish (SPO) doirasida zavodning 2,2 mln aksiyalarini sotish mo‘ljallanmoqda, bu, o‘z navbatida, “O‘zneftgazmash” ulushini 64,08%gacha tushiradi va boshqa aksiyadorlar ulushini 35,92%ga chiqaradi.

Aksiyalarni sotish natijasida tushgan mablag‘lar ishlab chiqarishni yangilash, kengaytirish va modernizatsiya qilishga, hamda yangi bozorlarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.

“Oxirgi besh yil davomida Qo‘qon mexanika zavodi daromadlari barqoror o‘sib bormoqda, 2017 yilda esa rekord raqam — 84 mlrd. so‘mga erishildi. 2017 yilda sof foyda 2016 yil bilan solishtirganda 33%ga o‘sdi, so‘ngi besh yil ichida dividendlar miqdori 2,7 barobar oshdi. Qo‘qon mexanika zavodinining Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston va Turkmaniston bozorlariga chiqishi sababli aksiyalar kursining o‘sishi kutilmoqda. Bundan tashqari, mahsulotlar xilma-xilligini orttirish va yangi xizmatlarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Ishlab chiqarishning barqaror o‘sishi investorlarga doimiy daromadni ta’minlab berishga imkon yaratadi”, — deb ta’kidladi, “Qo‘qon mexanika zavodi” boshqaruvi raisi Sh. Yuldashev.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Qo‘qon mexanika zavodi aksiyalari narxi 1,5 barobar ortishi mumkin. Yangi bozorlarga chiqish va ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish hisobiga kompaniyaning daromadlari oshishi kutilmoqda.

“Fond bozorining jonlanishi bilan O‘zbekiston aholisi orasida investitsiya kiritish imkoniyatlari paydo bo‘ldi. AQSH aholisining 78%i o‘z mablag‘larini bank hisob raqamlarida yoki omonat jamg‘armalarida emas, balki aksiyalar qo‘rinishida saqlaydilar. Koreyada bu ko‘rsatkich 30%ni tashkil etadi, O‘zbekistonda esa atigi 1%.ni. Joriy yilda o‘zbek investorlari „Kvars“ zavodi aksiyalari orqali daromad oldilar, zavod aksiyalari narxi yarim yil ichida 64%ga oshib ketdi. Qo‘qon mexanika zavodi aksiyalari ham munosib tarzda foyda keltiradigan takliflardan biridir” — dedi “Fridom Finans” investitsion kompaniyasi asoschisi va egasi Timur Turlov.

Uning ta’kidlashicha, aksiyalar valyuta kursining o‘sishi evaziga, hamda dividend shaklida daromad olish maqsadida sotib olinishi mumkin. 2013 yildan e’tiboran sof foydaning 13%dan 15%gacha bo‘lgan miqdori dividend shaklida to‘lanmoqda, va u 2017 yilda 1,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Zavodning asosiy buyurtmachilari “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar bo‘lganligi sababli, Qo‘qon mexanika zavodi avtomatik ravishda ishonchli va barqaror tashkilot ekanligi namoyon bo‘ladi.

Qo‘qon mexanika zavodi aksiyalarini ham yuridik, ham jismoniy shaxslar, shuningdek chet ellik investorlar sotib olishlari mumkin. Buyurtmalarni qabul qilish 2018 yilning dekabriga qadar davom etadi.

“Freedom Finance” — xususiy investorlarga O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ukraina, Qozog‘iston, Rossiya, AQSh va Yevropa fond bozorlariga kirishni ta’minlovchi Markaziy Osiyoning yetakchi sarmoyaviy brokeri. Kompaniya Rossiyada 36 ta ofis, Qozog‘istonda 16 ta vakolatxonalar, shuningdek Kiyev, Toshkent va Bishkekda o‘z shaxsiy ofislaridan iborat tarmoqni barpo etgan. “Freedom Holding Corp"ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi MChJ shaklidagi “Freedom Finance” chet el korxonasidir. “Freedom Finance” strateglari tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar, ishtirokchilarga yirik milliy korxonalar sheriklariga aylanishlari maqsadida o‘z aktivlarini moliyaviy jihatdan to‘g‘ri boshqarishga yordam beradi.