2019 yil 1 yanvardan boshlab koʻchmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash boʻyicha talab bekor qilindi va davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi oʻrnatildi, deb yozadi Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, koʻchmas mulkni ijaraga bermoqchi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlariga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar yoki noturar mulklarini ijaraga berishda ikki tomonlama ijara shartnomasi tuzishlari va shartnomani davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyishlari shart.

Ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qoʻyish ikkita usulda:

  • Davlat soliq qoʻmitasining my.soliq.uz saytidagi “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmatlari orqali.
  • jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtgan joyidagi davlat soliq inspeksiyalariga tashrif buyurgan holda belgilangan shakldagi soʻrovnomani taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qoʻyish uchun soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • ijara shartnomasi;
  • jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat.

Shartnomani hisobga qoʻyish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.

Koʻchmas mulk ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qoʻyishda Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy saytidagi shaxsiy kabinet orqali soʻrovnoma yuborish uchun elektron raqamli imzo kerak boʻladi.

Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibiga rioya etmaslik Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 159−1-moddasiga asosan eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab boʻladi.