“O‘zavtosanoat” AJ, xususiy dilerlik korxonalari sonini ko‘paytirish maqsadida, 32 ta dilerlik korxonalari ustav fondlaridagi o‘z ulushlarini auksion savdolariga qo‘yganligini ma’lum qildi.

“Ushbu korxonalarning har biri tayyor, yuqori daromadli biznes bo‘lib, yangi avtomobillar, ehtiyot qismlar sotuvining amaldagi tizimini, shuningdek avtoservis xizmatlari ko‘rsatish tizimini o‘zida qamrab olgan”, deyiladi xabarda.

Savdolarga avtomobillar sotuvining shaffof tizimlari rivojiga va ularga sotuvdan keyin xizmat ko‘rsatishga investitsiya kiritish istagida bo‘lgan xususiy investorlar (yuridik va jismoniy shaxslar) taklif etiladi.

Savdolar 2019 yil 21 yanvarda o‘tkaziladi.

Savdolarda qatnashish uchun dilerlik korxonasi ustav kapitalidagi ulush boshlang‘ich qiymatining 15%ini o‘tkazish talab etiladi.

Ilova orqali ulushlari sotuvga qo‘yilgan dilerlik korxonalari nomlari va ularning boshlang‘ich narxlari bilan tanishish mumkin.