Tikuv-trikotaj korxonalari kreditlari qisman davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda prezident qarorida keltirilgan.
Qarorga muvofiq, 2019−2021 yillarda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80% ini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda qoplanadi:
- aylanma mablag‘larni to‘ldirish (tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) maqsadida tijorat banklari tomonidan milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25%i miqdorida;
- ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (bino va asbob-uskunalarni sotib olish) maqsadida tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50%i miqdorida.
Nol stavkani qo‘llash natijasida vujudga kelgan QQSni qaytarish zarur bo‘lgan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e’tiboran 7 ish kuni davomida soliq to‘lovchiga tezkorlik bilan qaytariladi.
Shuningdek, qaror bilan birja savdolari orqali paxta tolasini sotishda qat’iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi.