Toshkent shahrida ilgari “konvert” usulida ish haqi olgan 2 654 ta ishchi rasman ish bilan ta’minlandi va daromad solig‘i to‘lovchisiga aylandi, deb xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, “konvert” usulida maosh berilishi jarayoni 2018 yil mobaynida daromad solig‘i stavkasining tushurilishi hamda ish haqqi fondiga soliq yukini pasaygani tufayli qisqartirilgan.

“Buning natijasida joriy yilning birinchi choragida byudjetga jami 810 million so‘m miqdorida mablag‘ tushishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ilgari Spot Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oʻtkazilgan 292 ta xronometraj tadbirida 150 nafar kishi norasmiy ravishda ishlayotganligi aniqlangani haqida xabar bergan edi.