Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun litsenziyalar “E-AUKSION"dagi savdo yakunlari bo‘yicha 3 yil muddatga beriladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi yer qa’ri uchastkalarining ro‘yxati tasdiqlanganidan so‘ng 5 kunda auksionni o‘tkazish uchun ma’lumotlarni tayyorlaydi.

Auksion o‘tkazish haqidagi xabar auksiondan 5 kun oldin e’lon qilinishi lozim. Auksionda ishtirok etish uchun arizalar “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi"ning saytida qabul qilinadi.

Arizachi hisob raqamga yer uchastkasining 5%i miqdorida zakalat pulini joylashtirishi lozim. Yer uchastkasining dastlabki narxi 7,5 mln. so‘m etib belgilanadi va ushbu narx har 10 daqiqada oshiriladi.

Mazkur konlarda qazib olingan metallar ixtisoslashtirilgan metallar qabuli kassalariga yoki litsenziyaga ega tadbirkorlarga sotiladi.

Shuningdek, Hukumat qarori bilan 2019 yilda foydalanishga beriladigan yer qa’ri uchastkalarining ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Ro‘yxatga ko‘ra, 2019 yilda Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi 405 ta uchastkadagi jami 403,4 gektar maydon qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun foydalanishga beriladi.

Ilgari Spot Prezident qaroriga binoan jismoniy va yuridik shaxslar qimmatbaho metallarni qazib olish huquqiga ega bo’lishlari haqida xabar bergan edi. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshiradigan shaxslar qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qismi bo‘yicha barcha turdagi soliqlardan ozod etiladi.