1 aprel kuni prezident o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirishni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ikki tomonlama tadbirlar yakunida Qo‘shma bayonot hamda qator muhim kelishuvlar, jumladan, umumiy qiymati 10 milliard $dan ziyod bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Ushbu kelishuvlar innovatsiyalar, neft-gaz tarmog‘i, an’anaviy va muqobil energetika, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim kabi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.
BAAning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan ustuvor qo‘shma loyihalar sifatida quyidagilar belgilandi:
- “Navoiy” quruqlik porti va erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish;
- mamlakatimizda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish va ularni chuqur qayta ishlash;
- Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi va boshqa mavjud IESlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish;
- quyosh va shamol elektr stansiyalarini, Sirdaryo viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini barpo etish va boshqalar.
Bundan tashqari, agrosanoat klasterlarini tashkil etish va mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining eksport salohiyatini yuksaltirish, Samarqand shahrida turizm va kommunal infratuzilmani, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini, jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida ta’sis etilayotgan nizom jamg‘armasi 1 milliard $ bo‘lgan investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb etgan holda qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohasidagi sheriklikni kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi va Al Xalifa universiteti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida BAAda o‘z vakolatxonasini ochadi.
Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, tarmoq kompaniyalari rahbarlariga eng qisqa muddatda investitsiya loyihalarining tarmoq jadvalini tasdiqlash va loyihalarni amalga oshirishni boshlash, oliy darajada erishilgan O‘zbekiston-BAA kelishuvlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.