1 maydan boshlab Banklararo milliy protsessing markazi (BMPM) aholi uchun Humo to‘lov tizimining kartalarini chiqara boshladi. Poytaxt aholisi HUMO kartalari orqali aloqasiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“Aloqasiz to‘lovlar mohiyati, avvalambor, uning qulaydigidadir. Bizning barcha terminallarimiz va kartalarimiz NFC-modullari bilan jihozlangan. Ya’ni, iste’molchi kartani faqatgina terminalga tekkizgan holda xaridlarni amalga oshirishi mumkin. Biz xaridorlar o‘z kartalarini kassirlarga uzatib, PIN-kodini ma’lum qilishlariga qarshimiz. Axir bank kartasining birgina raqamini ma’lum qilish shaxsiy ma’lumotdan foydalanish ehtimoli demakdir. Shu munosabat bilan bizning barcha turg‘un terminallarimiz surilma klaviaturalar bilan jihozlangan bo‘lib, karta egasi uning yordamida PIN-kodni o‘zi kiritishi mumkin bo‘ladi”, — deydi BMPM direktori Shuhrat Qurbonov.

Shuningdek, BMPM direktori xabar berishicha, joriy yilning sentyabr oyiga qadar 5 mln. dona karta chiqarilishi, joriy yil yakuniga qadar esa Humo tizimi butun mamlakat uchun ommabop qilinishi rejalashtirilgan.

Ish haqini o‘tkazish uchun kartalar ochish bepul amalga oshiriladi, boshqa kartalar qiymati esa har bir bankning tegishli tariflariga bog‘liq bo‘ladi. Boshqa kartalar jumlasiga kredit, overdraft, kobrending kartalari va boshqalar kiradi.

Ilgari Spot Humo to’lov tizimining sayti ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.