Prezident 6 may kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Zavod 475 gektar maydonni egallaydi, 52 ta texnologik ob’ekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bu yerda 70 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Zavodga joriy yilning o‘zida kamida 300 million $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi. Bu mablag‘ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joylari saqlab qolinadi, 450 kishi o‘z ish o‘rinlariga qaytadi.

Shuningdek, zavod ikki barobar ko‘proq xomashyo bilan ta’minlanadi. 2020 yildan boshlab “Yevro-4”, “Yevro-5” kabi yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishga erishiladi. Mahsulotlar tannarxi tushib, sifati oshirilishi natijasida viloyatning eksport salohiyati yanada kengayadi.

Umuman, 2022 yilgacha kamida 875 million $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi.

“Bu ishlardan asosiy maqsad korxonani to‘liq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan ta’minlash. Bu Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Ilgari Spot Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi xorijiy investorga sotilishi, “PT Trans Asia Resources” (Indoneziya) xorijiy kompaniyasining investitsiyalarini jalb etgan holda modernizatsiya qilinishi haqida xabar bergan edi.